Bernemning ilk xorijiy mehmoni kim bo‘lishi aytildi
Olam
−
27 iyul 3295 2 daqiqa
Buyuk Britaniyaning yangi Bosh vaziri Endi Bernem bugun, 27 iyul kuni Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyni o‘zining ilk xorijiy mehmoni sifatida qabul qiladi. Bu Londonning Ukrainaga qat’iy qo‘llab-quvvatlovini yana bir bor namoyon etadi. Bu haqda Bosh vazir matbuot xizmati xabar qildi.
Dauning-strit ma’lumotiga ko‘ra, ikki davlat rahbari dengiz harbiy bazasida uchrashib, Buyuk Britaniya boshchiligidagi tayyorgarlik dasturlari Ukraina Qurolli kuchlarini mustahkamlash va jang maydonida natija berishga qanday hissa qo‘shayotgani bilan tanishadi.
“Buyuk Britaniya Ukraina bilan yelkama-yelka turibdi va bizning qo‘llab-quvvatlovimiz o‘zgarmaydi. Rossiya bizning qat’iyatimizga shubha qilmasligi kerak va Ukraina uchun uzoq muddatli hamda adolatli tinchlikka erishmaguncha ortga chekinmaymiz”, degan Bernem.
Tashrif davomida Bernem va Zelenskiy so‘nggi uch hafta davomida Britaniyada “Sea Breeze” mashg‘ulotlarida ishtirok etgan 200 dan ortiq ukrainalik harbiy xizmatchi va dengizchilar bilan ham uchrashadi. Mashg‘ulotlar Qora dengizdagi bo‘lajak operatsiyalarga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida dengiz xavfsizligi va minaga qarshi harakatlarni o‘z ichiga oladi.
Bosh vazir matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, Rossiya 2022 yilda Ukrainaga keng ko‘lamli bosqin boshlaganidan beri Buyuk Britaniyaning Ukrainaga ko‘rsatgan umumiy yordami 25 milliard funt sterlingga yetgan. Shundan 16 milliard funti harbiy, 5,6 milliard funti esa noharbiy yordamga to‘g‘ri keladi.
Bernemning o‘tmishdoshi Kir Starmer shu oy boshida lavozimini tark etishidan bir necha kun oldin Kiyevga tashrif buyurib, Ukrainaga Shvetsiyada ishlab chiqarilgan 16 ta Gripen qiruvchi samolyotidan iborat eskadrilyani jihozlash uchun 300 million yevro ajratilishini va’da qilgan edi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp va Buyuk Britaniyaning yangi Bosh vaziri Endi Bernem ilk telefon muloqotini o‘tkazgan edi.
Live
BarchasiBloger Aziz Hakimov 4 yilga qamaldi
11 avgust
Putin hech narsadan qo‘rqmasligini aytdi
11 avgust