Berlindagi klinika Aleksey Navalniy zaharlanganini tasdiqladi
Olam
−
25 avgust 2020
8912Germaniya poytaxti Berlindagi Charite klinikasi rossiyalik muxolif siyosatchi Aleksey Navalniy zaharlanganini rasman ma’lum qildi.
Klinika ma’lumotiga ko‘ra, bemor dori vositasida yuzaga kelgan koma holatida qolyapti va reanimatsiya bo‘limida davolanyapti. Uning ahvoli og‘ir, ammo hayot uchun jiddiy xavfi yo‘q.
Navalniy shifoxonaga kelgach, keng qamrovli ko‘rikdan o‘tkazilgan. Klinik tahlil natijalari u xolinestarazlar ingibatorlari guruhiga mansub modda bilan zaharlanganini ko‘rsatgan. U atsetilxon neyromediatorini izdan chiqaradigan neaksiyaga sabab bo‘ladi.
Ammo Navalniy aynan nima modda bilan zaharlangani noma’lumligicha qolmoqda, hozirda keyingi ko‘p tomonlama o‘rganish ishlari olib borilyapti. Organizmda zahar, aynan xolinestarazlar borligi bir qancha mustaqil laboratoriyalarda o‘tkazilgan testlardan ma’lum bo‘lgan.
Qo‘yilgan tashxisga ko‘ra, bemorga antidot atropin berilyapti. Shifokorlar Navalniyning turmush o‘rtog‘i bilan aloqada bo‘lib turibdi.
Asetilxolinesterazalar ingibitorlarining harakati neyronlarda sinapslarning qayta uyg‘onishiga turtki beradi, oqibatda atsetilxolin neyromediator sifatida ishlaydi. Bunday zahar turlariga tabun, VX, “Novichok” va boshqa jangovar asab-falajlovchi gazlarni kiritish mumkin.
Ma’lumot uchun, Aleksey Navalniy 20 avgustdan beri komada qolyapti. U Tomskdan Moskvaga uchayotganda tobi qochgandi. Uning safdoshlari siyosatchi zaharlanganini taxmin qilyapti.
U ikki sutka Omskdagi shifoxonada qolib ketdi. Shundan so‘ng, shifokorlar uni Berlinga ko‘chirishga ruxsat berdi. Navalniyning tarafdorlari shifokorlarning bunday harakatini organizmdagi zaharlash izlarini yo‘qotish uchun vaqtdan yutish deb baholadi.
LiveBarchasi