Berlin sammiti: Liviya kafillari nimani qoyillatdi?

Olam

image

Liviyada tinchlik va barqarorlik o‘rnatish bo‘yicha Berlinda o‘tkazilgan konferensiya ishtirokchilari mamlakatga qurol yetkazib berishda embargoga amal qilish va mojaroda ishtirok etayotgan u yoki bu guruhga harbiy yordam ko‘rsatmaslikka kelishib oldi. Bu haqda Germaniya kansleri Angela Merkel ma’lum qildi.

“Biz konferensiyaning barcha ishtirokchilaridan Liviyada o‘t ochishni to‘xtatish tartibi amal qilib turgan vaqtda mamlakatdagi kurashuvchi tomonlarni qo‘llab-quvvatlamaslik va barcha harakatlarni to‘xtatish haqida va’dalarini oldik”, degan Merkel.

Berlindagi sammitda Liviyadagi ikki asosiy kurashuvchi tomon rahbarlari – BMT tan olgan Hukumat rahbari Faiz Sarroj va general Xalifa Haftar ham ishtirok etdi. Ammo o‘zaro uchrashuvda ular baribir kelisha olishmadi.

Konferensiyada shuningdek, Germaniya yetakchisi, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin, Turkiya Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘an, Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron va Buyuk Britaniya Bosh vaziri Boris Jonson, Misr Prezidenti Abdul Fattox as-Sisi ishtirok etdi.

Germaniya kanslerining so‘zlariga ko‘ra, sammit ishtirokchilari Tripolida o‘rnatilgan yarashuv doimiy saqlanib qolishi kerak. Bu kelgusi siyosiy jarayonlar uchun muhim. Merkel yarashuvga amal qilishni urushuvchi tomonlarning besh nafardan vakillari a’zo bo‘ladigan maxsus qo‘mita nazorat qilishini qo‘shimcha qildi.

Eslatib o‘tamiz, bundan avval Turkiya va Rossiya Liviyadagi ikki asosiy kurashuvchi tomonni muzokara stoliga olib kelgandi. Unda Liviya Milliy birdamlik hukumati rahbari Faiz Sarroj va Liviya milliy armiyasi generali Xalifa Haftar yarashuv bitimini imzolashi kerak edi. Biroq Haftar Moskvani hech qanday hujjatni imzolamay tark etdi.

Liviyadagi vaziyat

2011 yilda Liviyada Muammar Qazzofi hokimiyatdan ag‘darilib, o‘zi o‘ldirilgach, mamlakatda siyosiy inqiroz boshlangan. Liviyada hozirgacha qo‘shhokimiyatchilik hukm suradi. Amalda davlatchilik yo‘q.

Sharqda saylangan parlament hokimiyati o‘rnatilgan bo‘lsa, Tripoli va g‘arbni BMT va Yevropa Ittifoqi ko‘magida shakllantirilgan Faiz Sarroj boshliq Milliy birdamlik hukumati boshqaradi.

Sharqdagi hukmron doiralar rasmiy Tripolidan mustaqil va LMA qo‘mondoni Xalifa Haftar bilan hamkorlik qiladi. Haftar kuchlari 2019 yilning aprelida poytaxt Tripolini egallash uchun harbiy harakatlarni boshlagandi.


Maqola muallifi

Teglar

Liviya Berlin sammiti

Baholaganlar

60

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing