Bepul va qulay: Dunyoning eng boy muzeylari virtual sayohat “eshik”larini ochdi
Bu qiziq
−
12 aprel 2020
30209Bugun butun dunyoda turizm to‘xtadi. Odamlar boshqa shahar yoki davlatga borish uyoqda tursin uyidan chiqishi ham cheklanyapti. Ammo zamonamizda bir necha o‘ng ming chaqirim uzoqlikdagi madaniy ob’ektlar va noyob muzey eksponatlarini uydan chiqmay tomosha qilish imkoniyati mavjud.
Koronavirus pandemiyasi sabab dunyoning eng boy muzeylari o‘zining onlayn portalini ochib yubordi va yanada to‘ldirdi. Quyida ularning ba’zilariga to‘xtalib o‘tamiz.
Sankt-Peterburgdagi Ermitaj (Rossiya)
Davlat Ermitaji saytida barcha qavatlar va zallarni aylanish mumkin. Onlayn rejimdagi barcha eksponatlar 3D formatda yaqinlashtirish imkoniyati bilan joylashtirilgan. Ermitajda Markaziy Osiyo, Eron va Mo‘g‘ulistonga oid noyob madaniy boyliklar talaygina.
Britaniya muzeyi (London)
Britaniya muzeyida butun dunyodan to‘plangan arxeologik topilmalar saqlanadi. Misr va Mesopotamiyadan topilgan qadimiy buyumlar va Angliyaning o‘rta asrlardagi qabrlari. Shuningdek, san’at asarlari ham talaygina.
Boshqalardan farqli ravishda Britaniya muzeyida alohida zallar tomosha qilinmaydi. Muzey davrlarning interaktiv tizimini ishlab chiqqan. Unda Yevropa, Osiyo, Afrika va Amerikadagi sivilaziyalar paydo bo‘ladi rivojlanadi va yo‘q bo‘ladi. Davrlararo xronologik harakatlanish yoki biror mintaqa yoki davrni tanlab olish ham mumkin.
Prado muzeyi (Madrid)
Ispaniya qirollari ko‘p yillar davomida yig‘gan barcha boyliklar muzey saytiga joylashtirilgan. Eng iqtidorli rassomlar – Goye, Velaskes, Rafael, Dyurer, Bosx, Titsian va boshqalarning asarlari oson bo‘lishi uchun alohida bo‘limga joylashtirilgan. Bir qancha kategoriyalar bo‘yicha qidiruv imkoniyati ham mavjud.
Luvr (Parij)
Dong‘i butun dunyoga yoyilgan Parijning Luvr muzeyi o‘z zallari bo‘ylab 3 ta virtual ekskursiyaga chorlaydi. Muzey saytida kolleksiyalar asosida ishlangan o‘nlab videolar ham mavjud. Ularning bari ingliz va fransuz tillarida.
Vatikan muzeylari
Butun dunyodan kelgan sayyohlar turnaqator navbat bilan chiroyiga oshiqadigan Sikstin kapellasi, Pio-Klementino, Kapella Nikkolina muzeylarini virtual shaklda ham tomosha qilish mumkin.
Salvador Dali muzeyi (Figares)
Salvador Dalining teatr-muzeyi uning ona shahri Figaresda (Ispaniya) joylashgan. U sayyolahrning sevimli maskanlaidan. Muzey saytida zallarga sayohat, Galatey minorasi va Mey Uest yuzi tushirilshan xona hamda Figares ko‘chalariga sayohat qilish mumkin.
Pushkin nomidagi DTSM (Moskva)
Buyuk rus shoiri Aleksandr Pushkin nomidagi tasviriy san’at davlat muzeyi zallarini muzey sayti orqali aylanish mumkin. U yerda har bir zal va eksponatlar haqida qisqa audio va matnli ma’lumotlar olish mumkin.
Rus muzeyi (Sankt-Peterburg)
“Virtual Rus muzeyi” saytiga muzeydagi eng noyob eksponatlar joylashtirilgan. Ular 12 ta kolleksiyaga yig‘ilgan. Ularning har biriga qisqa ma’lumotlar berilgan. Kompyuter qarshisida o‘tirib, muzeyning virtual 3D shaklida aylanish mumkin.
Butun dunyo koronavirus pandemiyasi sabab o‘z qobig‘iga o‘ralib olishi mumkin. Ammo bu san’at asarlaridan bahramand bo‘lishga to‘siq bo‘lmaydi. Karantin sabab uydan chiqolmay qolgan odamlar esa shu orqali biroz yengil tortadi va vaqtini mazmunli o‘tkazish imkoniyatini qo‘lga kiritadi.