Aldayotgan kim: ayol nega o‘zini yoqib yubordi?
3-sahifa
−
04 may 2023
11678Ijtimoiy tarmoqlarda noma’lum ayol ustiga benzin sepib o‘zini yoqib yuborgani aks etgan video tarqaldi. Holatga Toshkent shahar IIBB Axborot xizmati bayonot berib, voqea joriy yilning 2 may kuni Olmazor tumani, Qora-Qamish 2/4 dahasidagi savdo do‘konlaridan birining oldida sodir bo‘lganini ma’lum qildi. QALAMPIR.UZ holatni o‘rganish maqsadida voqea joyiga yetib bordi.
Voqeaga guvoh bo‘lgan sotuvchi ayolning aytishicha, o‘zini yoqib yuborgan ayolning sog‘ligida hech qanday muammo bo‘lmagan. U bir necha yildan buyon Qora-qamish 2/4 dahasida sotuvchilik qilib kelgan.
“Ayol Qahramon aka (Tepaguzar MFY profilaktika inspektori) bilan janjallashib qoldi. Ustiga benzin sepdi. Uni qayerdan olganini bilmay qoldik. Birdaniga olov alanga olib ketdi, shoshib qoldik. Biz yordam berishga harakat qildik, birozdan keyin tez yordam kelib olib ketdi”, deydi voqeaga guvoh bo‘lgan ayol.
O‘zini yoqib yuborgan ayolning qizi bergan ma’lumotlarga ko‘ra, profilaktika inspektori va ayol o‘rtasida bundan avval ham kelishmovchiliklar bo‘lgan.
“Bu yerda faqat biz emas boshqalar ham savdo qiladi. Negadir faqat bizga e’tiroz bildiradi. Doim bizni aravamizni olib kirib ketardi. Anchadan beri bizni ishlashga qo‘ymaganiga onam o‘zlarini…, ancha yildan beri non sotamiz. Onam o‘zlarini yoqqanlarida men uyda edim. Tez tibbiy yordam mashinasi olib ketganidan keyin keldim. Bir narsani aytishim mumkin, oldin onam o‘z jonlariga qasd qilishga urinmagan”, deydi o‘zini yoqqan ayolning qizi.
Toshkent shahar IIBB bergan bayonotida 1981 yilda tug‘ilgan ayol bir necha fuqaro bilan savdo qilish uchun joy talashgani, so‘ngra o‘zaro kelisha olmay janjallashib, o‘zini noodatiy tutgan holda norozilik bildirib, yonida bo‘lgan yelim idishdagi benzinni ustiga quyib, o‘zini o‘zi yoqib yuborgani aytilgan edi. Voqeaga guvoh bo‘lganlar esa ayol tuman profilaktika inspektori bilan janjallashgani, nozir uni savdo qilayotgan joyidan haydaganini aytmoqda. Biz vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida profilaktika inspektori bilan bog‘landik. Afsuski, u hududda emasligini aytib, “ayol va sizning o‘rtangizda kelishmovchilik bo‘lganini tasdiqlaysizmi?” degan savolga “yo‘q” deb javob berdi.
O‘zini tanishtirishni istamagan “Tepaguzar” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi esa ayol uning hududida yashamasligi va bu holat haqida ma’lumot berish uchun vakolati yo‘qligini aytib qochib qoldi.
Biz ayol yashaydigan Olmazor tumani “Shon-shuhrat” MFY, Qo‘rg‘on ko‘chasiga bordik. Ayol va uning oilasini bir necha yildan beri taniydigan uy boshining aytishicha, shu vaqtgacha oila bilan bog‘liq hech qanday ko‘ngilsiz voqea sodir bo‘lmagan.
“Ayol doim mehnat qiladi. Oila juda ham tinch oilalardan. Ertalab ketib, kechgacha ishlashadi. Tirikchilikni aybi yo‘q, bir kun non, bir kun sigaret sotadi. Sotuvchi bo‘lib ishlaydi. Kunlik topganiga qozon qaynatadi. Ayolni olti nafar farzandi bor, bittasi Samarqandda yashaydi. Ijarada turishadi, lekin notinch oila emas. Ayolni ruhiy holatida o‘zgarish sezmaganman. Eshitishim bo‘yicha profilaktika inspektori bilan kelishmovchilik bo‘lgan. Baribir sharoitni tushunish kerak. U yerda meva va boshqa mahsulotlar ham sotishadi. Nozir asosan non sotuvchiga e’tiroz qilganini eshitdim”, deydi Gulchehra Akbarova.
Ayolning holatini bilish maqsadida Respublika tez tibbiy yordam ilmiy amaliy markaziga bordik. Komubustiologiya bo‘limi mudirinig aytishicha ayolning
hozirgi ahvoli o‘rta og‘ir darajada. U jonlantirish bo‘limidan umumiy bo‘limga o‘tkazilgan.
“2 may kuni 1981 yilda tug‘ilgan bemor ayolni Respublika tez tibbiy yordam ilmiy amaliy markazining Komubustiologiya bo‘limiga kuyish jarohati bilan olib kelishdi. Bemor kelishidan bir soat oldin Tansiqboyev bozori atrofida urish-janjaldan keyin, o‘zini yoqib yuborib kuyish jarohatini olgan. Olib kelinganda bemorga alangadan ikkala qo‘l- oyog‘ining yuza qismi, tanasining 2-3 A-B darajali 35% kuyish, shundan 7% 3-B darajali kuyish tashxisi qo‘yilgan.
Bemor kelganida shok holatida bo‘lgani uchun unga kerakli muolajalar qilindi va shok holatidan chiqarildi. Hozirgi ahvoli o‘rta og‘ir, u jonlantirish bo‘limidan umumiy bo‘limga o‘tkazilmoqda”, deydi Komubustiologiya bo‘limi mudiri Sobir Shukurov.
Toshkent shahar IIBB ayol bir necha fuqaro bilan savdo qilish uchun joy talashgani va ular bilan o‘zaro kelisha olmay janjallashib, yonida bo‘lgan yelim idishdagi benzinni ustiga quyib, o‘zini-o‘zi yoqib yuborganini aytgandi.
Guvohi bo‘lganingizdek, holat sodir bo‘lganda voqea joyida bo‘lganlar esa ayol profilaktika inspektori bilan yuzaga kelgan kelishmovchilikdan keyin o‘zini yoqqanini aytmoqda.
Shu o‘rinda savollar paydo bo‘ladi: Ayol noqonuniy savdo qilganmidi? Nima uchun uning ishlashiga e’tiroz bildirildi? Nima uchun Toshkent shahar IIBB ayol bilan profilaktika inspektori o‘rtasida kelishmovchilik yuzaga kelganini aytmadi? Bu savollarga mas’ullardan javob kutib qolamiz!
LiveBarchasi