SOCAR Italiyada benzin narxiga cheklov qo‘ymoqchi. Meloni Aliyevga rahmat aytdi
Olam
−
18:24 760 2 daqiqa
Ozarbayjonning SOCAR kompaniyasi nazoratida bo‘lgan “Italiana Petroli” Italiyaning butun hududida benzin va dizel narxlariga cheklov joriy etishni boshlaydi. Bu haqda ANSA xabar berdi.
Qayd etilishicha, Ozarbayjonning SOCAR kompaniyasiga tegishli “Italiana Petroli” (IP) Italiya bo‘yicha yoqilg‘i narxlarini cheklash to‘g‘risida qaror qabul qilgan va bu qadam Bosh vazir Jorjiya Meloni tomonidan ijobiy kutib olingan.
Melonining aytishicha, IP’ning qarori Italiyadagi oilalarni qo‘llab-quvvatlash nuqtai nazaridan muhim qadam va yonilg‘i narxlari oshishining oldini olishga real hissa qo‘sha oladi.
“Shu munosabat bilan Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevga e’tibori va qo‘llab-quvvatlagani uchun minnatdorlik bildirmoqchiman. Bu qadam mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlaydi”, deydi Meloni.
SOCAR bayonotiga ko‘ra, yonilg‘i narxlariga cheklov joriy etish bosqichma-bosqich amalga oshiriladi va birinchi bosqichda IP brendi ostida faoliyat yuritayotgan yonilg‘i quyish shoxobchalarini qamrab oladi.
Kompaniyaning ma’lum qilishicha, benzin va dizel sotuv narxlari bo‘yicha belgilanadigan cheklov turli omillarni hisobga olgan holda shakllantiriladi. Maqsad – yonilg‘i bilan ta’minlash zanjiri barqarorligini saqlab qolish bilan birga, Italiyada oilalar va biznesning yuqori yonilg‘i narxlaridan aziyat chekishini kamaytirishdir.
Ma’lumot uchun, SOCAR may oyida “Italiana Petroli” kompaniyasini sotib olishni yakunlagan. Bu bilan Ozarbayjon energetika kompaniyasi Italiyaning yonilg‘i chakana savdo bozoridagi keng tarmoqni nazorat qilishni boshlagan.
Italiya hukumati so‘nggi oylarda mamlakatda yonilg‘i narxlarining oshishi fonida energetika kompaniyalarini narxlarni cheklash yo‘nalishida qadamlar tashlashga chaqirgan. IP’ning qarori ham ushbu jarayon doirasida qabul qilingan.
Live
Barchasi