Benzema 16 yillik antirekordni takrorladi
Sport
−
21 aprel 2022
5360Madridning “Real” klubi hujumchisi Karim Benzema “Osasuna” bilan 2021/2022-yilgi mavsum 33-tur uchrashuvida (3-1) ikkita penaltini golga aylantira olmadi.
Shu tariqa, 34 yoshli fransiyalik futbolchi 16 yil ichida La Liganing bir o‘yinida ikkita penalti noaniq amalga oshirgan birinchi futbolchiga aylandi. 2006 yil aprel oyida bunday voqea "Espanol"ning sobiq hujumchisi Raul Tamudo bilan sodir bo‘lgan. O‘shanda Tamudo "Betis" darvozasiga belgilangan ikkita penaltidan ham samarali foydalana olmagan.
“Osasuna”ga qarshi uchrashuvning 12-daqiqasida “qaymoqranglilar” himoyachisi David Alaba jamoasini hisobda oldinga olib chiqqan bo‘lsa, oradan ikki daqiqa o‘tib “Osasuna” hujumchisi Ante Budimir hisobni tenglashtirdi. “Real” hujumchisi Marko Asensio 45-daqiqada gol urdi va madridliklar 2-1 hisobidagi g‘alaba bilan tanaffusga chiqdi.
Bahsning ikkinchi bo‘limida Benzema bu mavsumdagi eng yomon o‘yinlaridan birini o‘tkazdi. 52-daqiqada madridliklar hujumchisi Karim Benzema penaltidan gol urish imkoniyatiga ega bo‘ldi, ammo uning zarbasini darvozabon Serxio Errera qaytardi. Oradan yetti daqiqa o‘tib, Benzema yana 11 metrlik nuqtadan zarba berdi, biroq bu safar ham Errera jamoasini qutqarib qoldi. Madridning “Real” klubi yarim himoyachisi Lukas Vaskes ikkinchi bo‘limning qo‘shib berilgan vaqtida gol urdi va hisobni 3-1 ko‘rinishiga keltirdi. Shu tariqa, Madrid jamoasi navbatdagi g‘alabasini qo‘lga kiritdi.
Ma’lumot o‘rnida, “Osasuna” turnir jadvalida to‘qqizinchi o‘rinda bormoqda. Hagoba Arrasate jamoasi Ispaniya chempionatining 33 o‘yinida 44 ochko to‘plagan. “Real Madrid” 78 ochko jamg‘argan holda, La Liganing yaqqol yetakchisi bo‘lib turibdi.
Ma’ruf Abdumalikov
LiveBarchasi