Belgradda minglab odamlar hukumatga qarshi namoyishga chiqdi (fotoreportaj)
Olam
−
25 dekabr 2023
11979Kecha, 24 dekabr kuni Serbiya poytaxti Belgrad markazida 2,5 mingga yaqin odam namoyishga chiqdi. Ularning 1,2 mingga yaqini shahar ma’muriyati binosiga bostirib kirishga urindi. Bu haqda BBC xabar berdi.
Joriy yilning 17 dekabr kuni Serbiyada mahalliy kengashlar va parlamentga saylov bo‘lib o‘tdi. 18 dekabr kuni kechqurun esa saylov natijalaridan norozi partiyalar tarafdorlari ommaviy namoyishlarni boshladi.
Saylov natijalariga ko‘ra, "Aleksandar Vuchich – Serbiya to‘xtamasligi kerak" hukmron koalitsiyasi mamlakat parlamentiga saylovlarda g‘alaba qozondi. Ikkinchi o‘rinni “Serbiya zo‘ravonlikka qarshi” muxolifat bloki, uchinchi o‘rinni Serbiya Sotsialistik partiyasi koalitsiyasi egalladi.
Muxolifat Aleksandr Vuchich va uning hukmron partiyasini saylov byulletenlarini to‘ldirish, saylovchilarga pora berish va boshqa usullar orqali saylov natijalarini soxtalashtirishda ayblamoqda.
Belgrad shahar kengashiga saylovlar muxolifatni ayniqsa g‘azablantirgan. Ular rasmiylar viloyatlardan hukmron partiyani chin dildan yoki “xudbinlik” bilan qo‘llab-quvvatlovchi saylovchilarni ommaviy ravishda olib kelganini da’vo qilmoqda.
Muxolifat Belgrad markazidagi Respublika saylov komissiyasi binosi yonida bir qator mitinglarni boshladi va hozirgacha davom etmoqda.
Kecha, 24 dekabr kuni kechasi namoyishchilar Serbiya poytaxti Belgradning markaziy ko‘chalarini to‘sib, shahar ma’muriyati binosiga bostirib kirishga harakat qildi.
Namoyishchilar huquq-tartibot idoralari xodimlariga tosh va shisha otgan. Bunga javoban politsiya ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz ishlatgan va namoyishchilarni tarqatib yuborgan. Muxolifat vakillari shahar ma’muriyati binosi oldidagi maydonni tark etgach, u yerda tergov harakatlari boshlandi. Voqea joyiga Serbiya Ichki ishlar vaziri Bratislav Gashich yetib keldi.
Belgraddagi minglab namoyishchilar Milliy saylov komissiyasi binosi oldida to‘planib, “o‘g‘rilar, o‘g‘rilar” deb hayqirgan.
Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Belgraddagi muxolifat mitingi fonida fuqarolarni xotirjamlikka chaqirib, xalqiga shoshilinch murojaat qilgan.
“Sizlarga aytmoqchiman, Serbiya fuqarolari, sahnalar dramatik bo‘lsa ham, xavotir olmang. Hech qanday inqilob yuz bermayapti, ular buning hech biridan qutulolmaydi. Yumshoq va tinch munosabat bilan biz tasodifiy namoyishchilarning birortasiga ham zarar yetkazmaslikka harakat qilamiz”, degan Vuchich.
Uning so‘zlariga ko‘ra, huquq-tartibot idoralari vaziyatni nazoratda ushlab turibdi. U namoyish ishtirokchilari 2,5 ming kishi bo‘lganini aytdi. Prezident huquq-tartibot idoralari begunoh odamlar jabr ko‘rmasligi uchun o‘zini ehtiyotkorlik bilan tutishga harakat qilayotganini qo‘shimcha qilgan.
Prezident Vuchich muxolifatning da’volarini "bema’nilik va yolg‘on" deb atadi. Shu bilan birga, uning aytishicha, agar hech bir partiya ko‘pchilik koalitsiyasini tuza olmasa, Belgradda yangi saylovlar o‘tkaziladi.
"Zo‘ravonlikka qarshi kurashga qasamyod qilganlar hozirgina o‘zlarining haqiqiy banditlar ekanini tasdiqladilar", deydi Serbiya Prezidenti.
Vuchichning aytishicha, Serbiya razvedka xizmatlari norozilik namoyishlari tayyorlanayotganini oldindan bilgan. Ba’zi xorijiy razvedka xizmatlari Belgrad bilan shunday ma’lumotlarni bo‘lishgan. Natijada rasmiylar hujumchilar nimani rejalashtirayotganini aniq bilgan.
“Ko‘pchilik o‘zini sodda qilib ko‘rsatdi va nima bo‘layotganini eshitishni ham, ko‘rishni ham xohlamadi”, deydi Aleksandr Vuchich.
Shuningdek, u muxolifat tarafdorlarining Belgrad shahar ma’muriyati binosiga bostirib kirishga urinishini mamlakat suverenitetiga hujum deb atadi.
“Biz mamlakatimiz mustaqilligi va suverenitetini asrab-avaylaymiz”, degan u.
Serbiya rahbari mamlakatda hokimiyatni zo‘ravonlik bilan almashtirmaslikka va’da berdi. Uning qo‘shimcha qilishicha, u Belgraddagi qarorgohining derazalari ostida “har kuni kimdir norozilik bildirishi va shovqin-suron qilishi”ga allaqachon o‘rganib qolgan.
LiveBarchasi