Belgorodda favqulodda holat rejimi joriy etildi
Olam
−
14 avgust
6003Rossiyaning Belgorod viloyatida mintaqaviy darajadagi favqulodda vaziyat rejimi joriy etilmoqda va tez orada mintaqaviy hokimiyat federal favqulodda holat e’lon qilish maqsadida hukumat komissiyasiga borishni rejalashtirmoqda. Bu haqda viloyat rahbari Vyacheslav Gladkov o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi.
Gladkovning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina Qurolli kuchlari mintaqani har kuni o‘qqa tutmoqda, ayrim uylar vayron bo‘lgan, aholi orasida qurbonlar bor.
“Shuning uchun biz bugundan boshlab Belgorod viloyatining butun hududida mintaqaviy favqulodda vaziyat e’lon qilish to‘g‘risida qaror qabul qilyapmiz. Bu aholini qo‘shimcha himoya bilan ta’minlash uchun zarur”, deydi u videomurojaatida.
“Ishonchim komilki, hamma narsa uyushqoqlik bilan amalga oshiriladi, asosiysi, bu mas’ul shaxslar rahbarligida vahimaga berilmasdan, xotirjamlik bilan olib boriladi” deydi Gladkov.
Shuningdek, Gladkov mintaqadagi vaziyatni nihoyatda murakkab va tarang deb baholagan. Evakuatsiya ishlarini muvofiqlashtirish davom etayotgani va hududga transport yuborilgani xabar qilingan.
Ma’lumot uchun, Ukraina Qurolli kuchlari 2024 yil 6 avgustdan buyon yaqin atrofdagi Kursk viloyatida harbiy operatsiya o‘tkazmoqda. Rossiya Favqulodda vaziyatlar vazirligi 10 avgust kuni mintaqadan 76 mingdan ortiq odam evakuatsiya qilingani haqida xabar berdi. Keyingi 24 soat ichida viloyatning chegaradosh hududlaridan 8 mingdan ortiq aholi mustaqil ravishda va “uyushgan kolonnalar”da evakuatsiya qilindi.
Ukraina xavfsizlik xizmatining yuqori martabali mulozimining aytishicha, operatsiyada “minglab” Ukraina harbiylari ishtirok etgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, hujumning maqsadi frontni rus kuchlari uchun “cho‘zish” va Rossiya Federatsiyasini “beqarorlashtirish”.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Belgorod viloyati g‘arbidagi Krasnoyarujskiy tumanida aholini evakuatsiya qilish e’lon qilingandi.
Zebo Turobjonova
LiveBarchasi
26 noyabr