Weekend: Putinning “pasxa hiylasi”, ochdan o‘layotgan go‘daklar, Baydenning daragi
Tahlil
−
20 aprel
6511Shimoliy Koreya diktatori Kim Chen In Rossiyaning Ukrainaga qilib kelayotgan bosqini bahonasida “yotguncha, otib qol” qabilida otni qamchilayapti. U o‘zining qurollari va insoniy resurslari evaziga yaxshigina soqqa qilayotgani ma’lum bo‘ldi.
AQSH sobiq prezidenti Jo Bayden nihoyat “tirildi”. Joriy haftada u prezidentlik postini tark etganidan buyon ilk bor omma oldida ko‘rinish berdi. Bundan tashqari, bir gapni eplab ayta olmaydigan qariya 300 ming dollar evaziga o‘zining ma’ruzalarini sotmoqchi.
Qirg‘iziston prezidentlarni tinch qo‘ymaslik va ulardan hisob so‘rash masalasida Janubiy Koreyadan ortda qolish niyatida emas. Bu safargi nishon Ispaniyada davolanayotgani aytiladigan Atambayevdir.
Isroildagi rejimning G‘azodagi navbatdagi qurboni 11 oylik chaqaloq. Uning o‘limi sabablari esa yanada achinarlidir. Ko‘z ochib, bu dunyoni ko‘rganiga endi 11 oy bo‘lgan Ahmad Netanyaxu rejimi tomonidan joriy qilingan gumanitar blokada oqibatida ochlik, tashnalik va dori-darmon umuman yo‘qligidan bu olamdan ko‘z yumdi.
Shular haqida QALAMPIR.UZ'ning Weekend dasturida batafsil tanishtiramiz.
Netanyaxu rejimining murg‘ak qurbonlari
G‘azo sektorida falastinliklarning kelajagi va genofondiga Isroil tajovuzi o‘zining eng jirkanch ko‘rinishlaridan birini namoyon qilmoqda. Joriy haftada sektor markazidagi Nuseyrat qochqinlar lagerida yashagan 11 oylik falastinlik chaqaloq Netanyaxu rejimining navbatdagi qurboniga aylandi. Ha, u rejim qurboni bo‘ldi. Chunki Tel-Avivdagi bugungi qonxo‘r hukumatga boshqacha ta’rif unchalik to‘g‘ri kelmaydi. “Anadolu” agentligining G‘azo Sog‘liqni saqlash vazirligiga tayanib xabar berishicha, Nuseyrat qochqinlar lageridan bo‘lgan Uday Ahmad ismli 11 oylik chaqaloq to‘yib ovqatlanmaslik va zarur dori-darmonlar yetishmasligi oqibatida vafot etdi. Onasi Esma Haydar o‘g‘lini “Aqsa” shifoxonasiga olib kelgan va chaqaloq o‘sha yerda vafot etgan. Hali bir yoshga ham to‘lib ulgurmagan murg‘ak go‘dakdan tashqari G‘azoda oziq-ovqat va dori-darmon yo‘qligi oqibatida bolalar har kuni vafot etayotgani aytilmoqda. 11 oylik marhum chaqaloq Ahmadning onasi Esma odamlar ochlik, vayronagarchilik va yopiq chegaralardan aziyat chekayotgani va hatto dori-darmon topishning ham iloji yo‘qligini tasdiqlagan. Shuningdek, Esma arab davlatlarini harakatsizlikda ayblab, urushni zudlik bilan to‘xtatishga va gumanitar yordam yetkazishga chaqirgan.
G‘azo Sog‘liqni saqlash vazirligi boshqarma boshlig‘i Muner Abdulloh al-Barsh bolaning o‘limiga ochlik va davolanish imkoniyati yo‘qligi sabab bo‘lganini tasdiqlagan. U fojia Isroilning gumanitar yordam yetkazib berishni to‘sib qo‘ygani oqibatida ro‘y berganini ta’kidlab, ushbu cheklovlarni zudlik bilan bekor qilishga chaqirgan.
Dunyoni atigi 11 oy oldi ko‘rishni boshlagan marhum Ahmadning ayanchli o‘limiga shubhasiz Netanyaxu rejimi sababchi. Chunki joriy yilning 2 mart kunidan beri Isroil G‘azoga insonparvarlik yordami yetkazilishini butunlay to‘sib qo‘ydi. Bu esa sektorni salkam do‘zahga aylantirgan. Hatto BMT ma’lumotlarida keltirilishicha, joriy qamal davri 2023 yil 7 oktyabrda mojaro boshlanganidan beri eng og‘ir davr bo‘ldi.
G‘azodagi asosan ayollar va bolalarga qaratilgan insoniyat tarixidagi eng sharmandali genotsid mavzusidan uzoqlashmaymiz. “World Press Photo” nomli eng nufuzli xalqaro fotosuratchilar tanlovida ikki qo‘lidan ayrilgan falastinlik bolakayning surati ortda qolgan 2024 yilning eng yaxshi surati deb topildi. Ma’lum bo‘lishicha, ushbu rasm falastinlik fotograf Samar Abu al-Uf tomonidan suratga olingan. Suratda o‘tgan yil mart oyida Isroilning G‘azoga qirg‘ini oqibatida qo‘llaridan ayrilgan 9 yoshli Mahmud ismli bola tasvirlangan. Keyinchalik uning oilasi Qatarga evakuatsiya qilingan. U yerda zarur davolanishni o‘tkazgan Mahmud hozirda telefondan foydalanishni, yozishni va eshikni oyog‘i bilan ochishni o‘rganmoqda. Uning ayni damdagi eng asosiy orzusi protez qo‘llar bo‘lib qolmoqda.
Bosqindan soqqa qilayotgan Kim Chen In
Ukrainaga uyushtirilgan bosqin davomida Rossiyaga to‘g‘ridan to‘g‘ri qo‘shin yetkazib bergan Kim Chen In do‘sti Putinni nafaqat inson resursi, balki zarur qurollar bilan ham beminnat ta’minlab kelayotgani ma’lum bo‘ldi. Hatto Rossiya armiyasi Ukrainadagi bosqinda Shimoliy Koreyadan yetkazib berilayotgan artilleriya o‘q-dorilariga nihoyatda qaram bo‘lib qolgani aytilmoqda. “Reuters” agentligiga ko‘ra, Pxenyan o‘rtacha hisobda Rossiya qo‘shinlarini zarur snaryadlarning yarmi bilan ta’minlayapti. Federatsiya qo‘shinidagi ayrim bo‘linmalar esa bu borada Shimoliy Koreyaga hatto 100 foiz bog‘liq holda jang qilayotgani ta’kidlanmoqda. Ruslarning artilleriya bo‘linmalari bosqin davomida bir kun to‘liq KXDR snaryadlaridan foydalangan, boshqa bir kunda esa ularning ulushi umumiy o‘qlar sonining 75 foizini tashkil etgan.
Masalan, 2023 yil yozida Zaporoje viloyatidagi bir bo‘linma D-20 gaubitsalarida ishlatilgan snaryadlarning yarmi Shimoliy Koreyada ishlab chiqarilganini, shuningdek, uchirilgan ayrim turdagi raketalarning 100 foizi KXDR mahsuloti bo‘lgan. “Reuters” hisobotlarida Shimoliy Koreyadan olingan o‘q-dorilar zaxirasi juda katta ekani ham qayd etilgan.
Bundan tashqari, “Open Source Centre” tadqiqot markazi ma’lumotiga ko‘ra, 2023 yil sentyabrdan joriy yil martigacha Shimoliy Koreya Rossiyaga 64 marotaba jami 16 ming konteyner o‘q-dori yuborgan. Bu snaryadlar “Angara”, “Mariya”, “Maya-1” va “Lady R” kemalari orqali KXDRning Radjin portidan Rossiyaning Sharqiy va Dunay portlariga yetkazilgan. So‘ngra ular temiryo‘l orqali Ukraina chegarasiga yaqin omborlarga jo‘natilgan.
Pxenyan, shuningdek, ruslarga uzoq masofali artilleriya, reaktiv o‘t ochish tizimlari va ballistik raketalarni ham topshirgan. Ukraina razvedkasi bahosiga ko‘ra, Shimoliy Koreya Rossiyaga 120 dona uzoq masofali o‘ziyurar artilleriya qurilmasi, 120 dona o‘t ochish tizimi va 148 dona ballistik raketa yetkazib bergan. G‘arb tahlilchilari va Ukraina harbiylariga ko‘ra, Shimoliy Koreya tomonidan yetkazib berilgan o‘q-dorilar Rossiyaga rostdan ham artilleriya ustunligini ta’minlagan. Bu ayniqsa, 2022 yil oxiridan boshlab bosqin pozitsion tus olganidan keyin yaqqol ko‘zga tashlangan. Ukraina Mudofaa vazirligining Bosh razvedka boshqarmasi xabar berishicha, agar Shimoliy Koreya yordam bermaganida, Rossiya armiyasining Ukraina mudofaa pozitsiyalariga qilgan artilleriya zarbalari ikki barobarga kamaygan bo‘lardi.
Shuningdek, BMTning Shimoliy Koreyaga nisbatan sanksiyalarni nazorat qiluvchi ekspertlar guruhiga rahbarlik qilgan Xyu Griffits ham bu iddaoni tasdiqlagan. U Kim Chen Inning yordamisiz, Putin Ukrainadagi bosqinni davom ettira olmagan bo‘lardi, deya ta’kidlagan.
Xo‘sh, totalitar rejim ostidagi Pxenyan o‘zi qashshoq bo‘lishiga qaramay, Moskvani bunday darajda qo‘llashi ortidan nimalarga erishdi? Albatta, hozirgacha bu borada uning erishgan yutuqlari aks etgan raqamlar anchagina ulkan. Xususan, Janubiy Koreyaning Mudofaa tahlil instituti (KIDA) tahliliy markazi hisobotiga ko‘ra, Shimoliy Koreya Rossiyaning Ukrainaga bosqinidagi har tomonlama ishtiroki ortidan mamlakat iqtisodiyoti allaqachon 20 milliard dollardan ortiq daromad ko‘rgan. KIDA hisob-kitoblariga ko‘ra, bu mablag‘ning asosiy qismi Rossiyaga yetkazib berilgan o‘q-dorilar evaziga tushgan. Shuningdek, KXDR minglab harbiy xizmatchilarini Rossiyaga yuborish orqali ham foyda ko‘rmoqda. Shu kungacha Kim Chen In rejimi tomonidan Rossiyaga hayoti tortiq qilingan 11 ming askardan 4 ming nafari halok bo‘lgan. Ularning aksariyati Kursk viloyatida jang qilgan.
KIDA tahliliy markaziga ko‘ra, Shimoliy Koreya bunday yordam evaziga Rossiyadan pul o‘rniga texnik ko‘mak, jumladan, zamonaviy harbiy texnologiyalar – atom suvosti kemalari hamda zamonaviy qiruvchi samolyotlarni olmoqda. Rossiyaga yetkazib berilayotgan artilleriya snaryadlari, tankka qarshi granatamyotlar va ballistik raketalar kabi harbiy mahsulotlar uchun esa pul olinmoqda va bu ta’minotning umumiy qiymati 19,2 milliard dollarni tashkil etgan. Ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, Pxenyan Rossiyaga dengiz orqali 21 mingta konteyner yuborgan, qo‘shimcha ta’minot esa yer va havo yo‘li orqali amalga oshirilgan bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, harbiy xizmatchilarni hayotini Rossiya qo‘liga topshirish orqali esa Kim rejimi 280 million dollar daromad olgan. Rossiya tomonidan shimoliy koreyalik harbiylarga oyiga taxminan 2000 dollar va bir martalik boshlang‘ich to‘lov to‘lanadi, biroq kutilganidek bu mablag‘larning katta qismini KXDR hukumati tortib oladi. KIDA'ning mazkur hisoboti va unda keltirilgan ma’lumotlarni yuqorida bayon qilingan “Reuters” hamda “Open Source Centre” (OSC) tomonidan o‘tkazilgan mustaqil tahlillar tasdiqlaydi.
Baydenning “tirilishi”
15 aprel kuni AQSH sobiq prezidenti, o‘z mandatini turtinib-surtinib, bir ammallagancha tugatib olgan Jo Bayden lavozimini tark etganidan beri ilk bor omma oldida nutq so‘zlab, ko‘rinish berdi. Bayden Chikagoda AQSHning nogironlar, yuristlar va maslahatchilar milliy konferensiyasida so‘zga chiqdi va Trampni keskin tanqid qildi.
Aslida, u o‘z nutqida Donald Trampning ismini tilga olmasdan, uning ma’muriyati tomonidan ijtimoiy ta’minot boshqarmasidagi qisqartirishlar va o‘zgarishlarni qoraladi. Uning aytishicha, yangi Prezident hokimiyatga kelganidan beri dastlabki uch oy ichida ijtimoiy sohada 7 ming kishi ishdan bo‘shatilgan. Bayden federal ish o‘rinlari va xarajatlarni qisqartirish kampaniyasini olib borayotgan shaxsni (ayniqsa Ilon Maskni) bevosita tilga olmagan holda, yangi ma’muriyatdagi “texnologik startaplar” madaniyatini tanqid qilgan. Sobiq prezident bugungi Oq uy rahbariyatining ijtimoiy sohaga yopishib olgan holda uni qisqartirishga urinishlari ortida aslida milliarderlarni soliqlardan ozod qilish maqsadi yotganini ta’kidladi.
Shuningdek, Bayden o‘z nutqida barchani bu tendensiyaga qarshi birlashishga chaqirib, mamlakat hech qachon bugungidek ikki qutbli bo‘lmaganini aytib o‘tdi. Qariyada ba’zi kognitiv xususiyatlar buzilgan bo‘lishi mumkinligiga qaramay, aynan shu nuqtada AQSHning bo‘lingani haqida to‘g‘ri gapirdi. Bugun butun dunyodagi ekspertlar xuddi shu masala xususida juda ko‘p gapirishmoqda. Ayni damda AQSHda hokimiyat tepasida turgan Tramp boshchiligidagi ultra o‘nglar dunyo yalovbardori statusiga ega bu mamlakatdagi siyosiy tizimni rostmanasiga bo‘lib yubordi, deyish mumkin.
Ha, aytgancha, yuqorida Baydenning omma qarshisiga qaytganiga to‘xtalib o‘tildi. Ushbu qaytishning esa yana bir muhim jihati bor bo‘lib, bu u tomonidan taqdim qilinayotgan 300 ming dollarlik nutq servisidir. Jo Bayden endilikda ushbu summa evaziga tadbirlarda nutq so‘zlab berishi mumkin. Ammo sobiq prezidentning har bir chiqishi uchun 300 ming dollar to‘lashi mumkin bo‘lgan xaridor topilishi qiyin bo‘layotgani aytilmoqda. Albatta, dunyoning eng qudratli mamlakati prezidenti bo‘lgan vaqtidagi tadbirlarda uzluksiz qovun tushirgan shaxsning bunday xizmatiga muhtoj tashkilotlar bo‘lmasa kerak. Eng qizig‘i, bu to‘lovdan tashqari Bayden sayohat xarajatlari, shaxsiy samolyot va besh nafar xodim uchun ham qo‘shimcha to‘lovlar talab qilmoqda. Ustiga ustak, uning o‘z nutqi uchun belgilagan summasi notiqlik san’atida o‘ta mahoratli bo‘lgan Barak Obamanikidan biroz past, xolos. Obama 2017 yilda prezidentlik kursisini tark etganda uning bu xizmati 400 000 dollarni tashkil qilardi. Shu bois Baydenga hali beri xaridor chiqishi mushkul va u hozircha o‘zining asl narxi – ya’ni tekinga bu ishni bajarmoqda. Masalan, yaqinda u uzoq yillik yordamchisi Mayk Donilon tomonidan Garvard Siyosat Instituti seminariga nutq so‘zlash uchun taklif qilingan. Garvard matbuot kotibining aytishicha, Baydenga bu tashrif uchun pul berilmagan.
Qirg‘izistonda yana prezidentlik mojarosi
Qirg‘izistonda yana prezident bilan mojaro. Ko‘pchilik davlat rahbarlariga nisbatan juda yuqori talabchanlik va ularning ayanchli taqdiri haqida gap ketganda Janubiy Koreyani misol qilib keltiradi. Ammo Markaziy Osiyodagi “demokratiya orolchasi” bu borada ko‘pchilikning nazaridan chetda qoladi. Shunga qaramay, Qirg‘iziston baribir prezidentlarning xunuk taqdiri bilan ma’lum darajada tanilgan mamlakatdir. Akayev, Bakiyev va hatto bugun mamlakatni boshqarayotgan Japarovlarga o‘z vaqtida ayblov e’lon qilingan. Farqli jihati – ularning hammasi ham qamoqqa ravona qilinmagan, aniqrog‘i buning iloji bo‘lmagan. Bugun esa aynan shu ishlar sobiq prezident Almazbek Atambayev ustida kechdi. Ammo yana qamoqqa olish imkonsiz va ustiga ustak hozircha bir ayblov yuzasidan unga jazo tayinlanmadi ham. 2011-2017 yillarda mamlakatni boshqargan sobiq prezident Almazbek Atambayev ustida usiz sud jarayonlari o‘tkazilib, prokuror tomonidan 11 yillik ozodlikdan mahrum qilish jazosi so‘raldi. Shuningdek, Bishkekda bo‘lib o‘tgan sudda Atambayev bilan bir qatorda Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining sobiq ishchisi, sobiq davlat rahbarining qo‘riqchisi Qanat Sag‘imboyevga 11,5 yil qamoq jazosi so‘raldi. Ammo bu ro‘yxatning boshi edi xolos. Davlat ayblovchisi tomonidan yana 3 kishi – parlamentning sobiq a’zosi Ravshan Jeyenbekov, Atambayevning partiyadoshi Farhod Baabiyev hamda prezident ma’muriyatining sobiq rahbari Farid Niyozovning har biriga 10 yillik qamoq jazosi so‘ralgan.
Sud jarayonlari 2019 yilning avgust oyida mamlakatning Qo‘ytosh qishlog‘ida sodir bo‘lgan tartibsizliklar ortidan o‘tkazildi. O‘shanda Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi maxsus bo‘linmalari Almazbek Atambayevning Qo‘ytoshdagi qarorgohiga bostirib kirishga urindi. Ertasi kuni Ichki ishlar vazirligi va Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining hamkorligida turarjoy egasini qo‘lga olish bo‘yicha navbatdagi maxsus operatsiya o‘tkazildi. Xavfsizlik kuchlari Atambayevni qishloqdan olib chiqishga muvaffaq bo‘ldi. Biroq uni qo‘llab-quvvatlovchilar shu onda xavfsizlik kuchlariga tosh otishni, shinalar va chiqindilarni yoqib yuborishni boshladi. Ikki kunlik to‘qnashuvlarda 136 kishi tan jarohati oldi, maxsus bo‘linmaning bir askari o‘q jarohatidan halok bo‘ldi.
Shuningdek, Qirg‘izistonning sobiq prezidentiga nisbatan bir nechta jinoiy ish qo‘zg‘atilgan, jumladan, Qo‘ytosh qishlog‘idagi tartibsizliklar, korrupsiya va jinoiy daromadlarni legallashtirish bo‘yicha. Bundan tashqari, u Turkiya fuqarolariga noqonuniy pasport berish va 2020 yilning oktyabr oyida ommaviy tartibsizliklar uyushtirganlikda ham ayblangan edi. Joriy hafta ko‘rib chiqilgan ishda esa Qirg‘izistonning Pervomay tuman sudi Atamboyevni qonundagi o‘g‘ri Aziz Batukayevni noqonuniy hibsdan ozod etishda sirtdan aybdor deb topdi, biroq ish bo‘yicha da’vo muddati o‘tgani uchun jazo tayinlamadi. Sud Qirg‘izistonning sobiq rahbari 2006 yilda 16 yilga ozodlikdan mahrum etilgan jinoyatchi Batukayevning 2013 yil aprelida noqonuniy ravishda muddatidan oldin ozod qilinishiga aloqadorligini aniqladi. Batukayev muddatidan oldin ozod etilganidan so‘ng, Grozniyga jo‘nab ketgan.
Atambayev ustida shu choqqacha qator ayblovlar mavjud bo‘lib, u 3,5 yil qamoqda o‘tirib, chiqishga ham ulgurgan. Jumladan, u o‘sha Qo‘ytosh voqeasida ilk bor hibsga olinganidan bir necha kun o‘tib, huquq-tartibot idoralari xodimlariga nisbatan zo‘ravonlik qo‘llash, ommaviy tartibsizliklar uyushtirish, qotillik, qotillikka urinish, shuningdek, garovga olishni tashkil etish, Bishkek issiqlik elektr stansiyasini rekonstruksiya qilishdagi korrupsiya, Bishkekdagi “Forum” sanoat guruhi binosi bilan noqonuniy bitim tuzish, Qo‘ytosh qishlog‘i va Issiqko‘l viloyatidagi yer uchastkalarini noqonuniy egallab olish ayblovlari qo‘yilgan.
Sobiq davlat rahbari 2020 yil yozida 11 yil-u 2 oyga ozodlikdan mahrum qilingan edi. Keyinchalik Atamboyevga qo‘yilgan ba’zi ayblovlar olib tashlangan. Masalan, 2022 yil iyunida u Bishkekda ommaviy tartibsizliklar ishi yuzasidan oqlandi. Oradan vaqt o‘tib, sud qarori bilan 2023 yil 14 fevralda 3,5 yil tartibli koloniyada o‘tirganidan so‘ng ozodlikka chiqdi va respublikani tark etdi. Sobiq prezident ozodlikka chiqqanidan keyin davolanish uchun Ispaniyaga ketdi. Hozirda ham u Qirg‘izistondan tashqarida. O‘tgan yili internetda Almazbek Atambayev va uning o‘g‘li Qodir Atambayev Ispaniya shaharlaridan birining metrosida o‘tirgani aks etgan videotasvirlar paydo bo‘ldi. Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, video 2024 yilning yozida Barselonada, Qodir Yevropada davolanayotgan otasini ko‘rgani borganida suratga olingan. OAV xabarlariga ko‘ra, Almazbek Atambayev ikki yildan beri Ispaniyada yashab, sog‘lig‘ini tiklamoqda. Sobiq prezidentga yaqin bo‘lganlarning ta’kidlashicha, ispan shifokorlari jismoniy tayyorgarligi va umumiy tetikligini saqlab qolish uchun unga ko‘proq yurishni maslahat bergan.
Prezidentlik davrida Atambayev haqida ancha ijobiy fikr bildirilgan. Xususan, amerikalik investor, “Soros” jamg‘armasi sifatida tanilgan tashkilotlar tarmog‘ining yaratuvchisi Jorj Soros u haqida “Qirg‘iziston korrupsiyasiz prezidentga ega bo‘lgani uchun baxtiyor” deya korrupsiya botqog‘iga botib ketmagan shaxsning hokimiyat tepasiga kelishi mamlakatning demokratik rivojlanishi uchun foydali ekanini ta’kidlagandi. Rossiya Prezidenti Vladimir Putin esa Atambayevni “so‘zida turuvchi, u bilan nimadir bo‘yicha kelishib olish ba’zan qiyin bo‘ladi, lekin biror narsa bo‘yicha kelishib olganimizdan keyin u erishilgan kelishuvlarga amal qiladigan shaxs” deb ta’riflagandi.
Putinning bir necha soatlik sulhi
19 aprel kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Xriatianlarnin muqaddas Pasxa bayrami munosabati bilan sulh e’lon qildi. Kreml saroyida o‘tkazilgan uchrashuvda Oliy Bosh qo‘mondon Rossiya Qurolli Kuchlari Bosh shtabi rahbari Valeriy Gerasimovning front chizig‘idagi vaziyat haqidagi hisobotini tingladi va Rossiya tomoni 19 aprel soat 18:00 dan 21 aprel soat 00:00 gacha barcha harbiy harakatlarni to‘xtatishini bildirdi. Rossiya barcha jangovar harakatlarni to‘xtatadi va “Ukraina tomoni ham bu tashabbusga amal qiladi”. Ammo Putin Rossiya armiyasi Ukraina Qurolli kuchlari tomonidan mumkin bo‘lgan sulh buzilishlariga va boshqa harakatlariga qarshi javob berishga tayyor bo‘lishini ham eslatib o‘tdi. Davlat rahbari, shuningdek, bayram arafasida nasroniy harbiylarni Pasxa bilan tabriklagan.
“Pasxa sulhiga oid qarorimiz Kiyev rejimining muzokaralarga tayyorligi va bitimlarga rioya qilishga bo‘lgan niyatini, haqiqatda bunday layoqati bor-yo‘qligini ko‘rsatadi”, dedi Putin.
Ma’lumot o‘rnida shuni ta’kidlab o‘tish joizki, Pasxa xristian dinidagi asosiy bayram bo‘lib, u nasroniy e’tiqodi bo‘yicha Iso Masihning o‘limi va uning keyingi tirilishi orqali inson gunohlarining poklanish ramzidir. Pasxa harakatlanuvchi bayram hisoblanadi va uning sanasi yildan-yilga o‘zgarib turadi. Bayram bahorgi tengkunlikdan keyingi birinchi to‘lin oydan keyingi birinchi yakshanbada nishonlanadi. 2025 yilda esa mazkur kun 20 aprelga to‘g‘ri keldi. Putin esa aynan shu sababli ko‘pchilik kutganidek, bu kunda juda qisqa bo‘lsada, sulh e’lon qildi. Ammo bu Ukraina rasmiylarining gaplariga ko‘ra, uning ilgarigi va’dalari kabi faqat so‘zda qolib ketayotgan ko‘rinadi.
Zelenskiy rossiyalik mavqedoshining bu haqdagi bayonotidan so‘ng unga har doimgidek ishonchsizlik bildirib, Putinning Pasxa sulhi Kursk va Belgorod viloyatlari yetib bormaganini iddao qildi. Ukraina Prezidenti Rossiya rahbarining diniy bayram paytida sukut saqlash va’dasi o‘rniga, frontning ayrim hududlarida rus artilleriyasi ovoz chiqarishda davom etayotganini ta’kidladi. Bosh qo‘mondon Sirskiyning 20 aprel kuni soat 6:00 holati bo‘yicha bergan hisobotiga ko‘ra esa oldingi chiziqning turli hududlarida Rossiya bo‘linmalari tomonidan 59 marta o‘qqa tutish holatlari ro‘y bergan va beshta hujum operatsiyasi amalga oshirilgan.
LiveBarchasi