Ukraina Belgoroddagi universitetga zarba berdi (video)
Olam
−
14:18 1886 1 daqiqa
Ukraina bugun, 3 avgustga o‘tar kechasi Rossiyaning Belgorod shahridagi dronlar ishlab chiqiladigan universitetga zarba berdi. Bu haqda “The Moscow Times“ xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Belgorodga uyushtirilgan keng ko‘lamli dron hujumi chog‘ida V.G. Shuxov nomidagi Belgorod davlat texnologiya universiteti binosi nishonga olingan. Bir necha zarbadan so‘ng o‘quv muassasasi hududida yong‘in yuzaga kelgan va binolardan biri butunlay yonib ketgan.
Qayd etilishicha, ushbu binoda “Milandr” mikroprotsessori asosida uchuvchisiz uchish apparatlarini boshqarishning avtomatlashtirilgan tizimi ishlab chiqilgan va sinovdan o‘tkazilgan. Universitet mazkur loyiha elektr uzatish tarmoqlari, issiqlik quvurlari hamda aerofotosuratga olish kabi fuqarolik maqsadlarida qo‘llanishini bildirgan.
Shuningdek, joriy yilning yozida oliygoh maktab o‘quvchilari uchun dronlar yaratish bo‘yicha yozgi o‘quv dasturiga qabul e’lon qilgan. Rossiya rasmiylari universitetga berilgan zarba yuzasidan hozircha izoh bermagan.
Eslatib o‘tamiz, Ukraina dronlari bugun, 3 avgust tongida Rossiyaning Vladimir viloyatida joylashgan Wildberries marketpleysining logistika markaziga yana zarba bergan edi. Hujum oqibatida logistika markazi binosida yong‘in chiqqan. Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, barcha xodimlar evakuatsiya qilingan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, hodisa vaqtida hech kim jabrlanmagan.
Live
Barchasi