Belarusga qarshi tajovuz bo‘lsa, ikkilanmay yadro qurolidan foydalanamiz – Lukashenko
Olam
−
13 iyun 2023
7431Belarus fuqarosi Aleksandr Lukashenko Rossiya mamlakatga taktik yadro qurolini joylashtirishga intilmaganini, bu Minskning talabi ekanini aytdi. Shuningdek, Lukashenko Belarusga qarshi tajovuz sodir bo‘lsa, yadro qurolidan ikkilanmay foydalana olishini bildirdi. Bu haqda BELTA axborot agentligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Aleksandr Lukashenko bugun, 13 iyun kuni Minsk viloyatiga ish safari chog‘ida Belarus hududidan yadro qurolini qo‘llash mumkin bo‘lgan shart-sharoitlarni aytib o‘tgan.
“Bu mening talabim edi. Buni menga majburlagan Rossiya emas. Nega? Chunki, hammangiz aytganingizdek, dunyoda hech kim yadroviy davlat bilan kurashmagan. Va men ularning biz bilan jang qilishini xohlamayman. Shunday tahdid bormi? Bor. Men bu tahdidning oldini olishim kerak”, deb tushuntirdi Prezident.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 25 mart kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin belaruslik mavqedoshi Aleksandr Lukashenkoning iltimosiga ko‘ra, Rossiyaning taktik yadro qurollari Belarusga joylashtirilishini ma’lum qilgandi. Rossiya davlati rahbarining so‘zlariga ko‘ra, 1 iyulda Belarus hududida taktik yadroviy qurollarni saqlash ombori qurilishini yakunlash rejalashtirilgan. Moskva Minskka yadroviy qurol tashuvchisi bo‘lishi mumkin bo‘lgan “Iskander” raketa tizimini allaqachon topshirgan va Belarus samolyotlarini maxsus o‘q-dorilardan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lish uchun qayta jihozlashda yordam bergan.
LiveBarchasi