Belarus Polsha va Litva chegarasida tipirchilab qoldi
Olam
−
06 may 2023 20511 1 daqiqa
Belarusning Polsha va Litva bilan chegaradosh mintaqasida harbiy kolonnalar harakati xavfsizligini ta’minlash uchun xalq militsiyasi otryadlari tuzildi. Bu haqda bugun, 6 may kuni mamlakat Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
“Volkovysk tumanining ikkita qishloq ijroiya qo‘mitasida birinchi marta xalq militsiyasi otryadlari tuzildi. Otryadlar Qurolli Kuchlarning jangovar tayyorgarligini har tomonlama tekshirishda jamoat tartibini ta’minlash, shuningdek, harbiy kolonnalar harakati xavfsizligini ta’minlash vazifalarini bajaradi”, deyiladi vazirlik bayonotida.
Bundan oldinroq, 3 may kuni Belarus Mudofaa vazirligi inqirozli vaziyatlarga javob berishga jalb qilingan harbiy qismlar va bo‘linmalarning jangovar tayyorgarligini kompleks tekshirishning navbatdagi bosqichini e’lon qilgan.
Tekshiruv, birinchi navbatda, Grodno, Brest va Minsk viloyatlarida joylashgan harbiy qismlarda o‘tkazilishi aytilgan. Mazkur harakatlarda Harbiy havo kuchlari va havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari bo‘linmalaridan tashqari, Qurolli Kuchlarning maxsus operatsiyalar kuchlari, tezkor qo‘mondonliklari, raketa va artilleriya qo‘shinlari, ta’minot bo‘linmalari ham ishtirok etmoqda. Belarus Mudofaa vazirligining ma’lum qilishicha, ushbu tadbirlar doirasida ming nafargacha muddatli harbiy xizmatga chaqirish rejalashtirilgan.