Belgiyada turarjoy binosi yonib ketdi. Qurbonlar bor
Olam
−
01 iyul 1457 2 daqiqa
Belgiyaning Antverpen shahrida joylashgan ko‘p qavatli turarjoy binosida chiqqan kuchli yong‘in oqibatida bir necha kishi halok bo‘ldi. Bu haqda mahalliy politsiya xabar qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, yong‘in haqidagi xabar mahalliy vaqt bilan bugun, 1 iyul kuni soat 09:53 da kelib tushgan. Yong‘in Antverpenning Linkeruver tumanidagi 10 qavatli turar joy binosining sakkizinchi qavatida boshlangan. Politsiyaning bildirishicha, yong‘in chiqqan bino to‘liq evakuatsiya qilingan. U yerda 200 nafardan ortiq kishi yashagan. Hodisa oqibatida bir necha kishi turli darajada jarohat olgan.
Mahalliy politsiya vakili Kim Bastians hozircha halok bo‘lganlar va jabrlanganlar soniga aniqlik kiritish imkoni yo‘qligini bildirgan.
“Ayni paytda bu haqda raqamlarni ayta olmaymiz, chunki hozirgi ustuvor vazifamiz jabrlanganlarni qidirish va qutqarish ishlarini davom ettirishdan iborat”, degan u.
Qayd etilishicha, hodisa joyida turli tumanlardan jalb etilgan o‘t o‘chirish bo‘linmalari, tez yordam brigadalari va boshqa favqulodda xizmatlar ish olib bormoqda. Politsiya tutun tarqalgan hudud aholisidan eshik va derazalarni yopish, zarur hollarda esa shamollatish tizimlarini o‘chirib qo‘yishni so‘ragan.
Binoning o‘ninchi qavatida yashovchi Geyert Deyulfning aytishicha, dastlab elektr energiyasi o‘chgan, ortidan yong‘in signalizatsiyasi ishga tushgan.
“Avvaliga elektr o‘chdi. Uch daqiqadan keyin yong‘in signalizatsiyasi ishladi. O‘sha paytga kelib yo‘laklarni tutun qoplab bo‘lgandi. Biz o‘z kuchimiz bilan pastga tushishga urindik, ammo buning imkoni bo‘lmadi. Keyin xonadon ichida berkinib, ayvonda kutdik. Taxminan o‘n daqiqadan so‘ng o‘t o‘chiruvchilar maxsus narvon orqali bizni qutqarib olishdi”, degan u.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Moskva shimolidagi qurilayotgan binoda chiqqan yong‘in oqibatida sakkiz kishi halok bo‘lgan, yana 13 kishi jarohatlangan edi.
Live
Barchasi