Moskvada qurilayotgan bino yonib ketdi. 8 kishi halok bo‘ldi (video)
Olam
−
28 aprel 6350 1 daqiqa
Bugun, 28 aprel kuni Moskva shimolidagi qurilayotgan binoda chiqqan yong‘in oqibatida sakkiz kishi halok bo‘ldi, yana 13 kishi jarohatlandi. Bu haqda tezkor xizmatlarga tayanib, TASS xabar berdi.
Qayd etilishicha, yong‘in 2-Ambulatoriya yo‘li, 14-uy manzilidagi qurilayotgan turarjoy binosida sodir bo‘lgan. Bu elita turarjoy majmuasining qurilish maydoni hisoblanadi. Binoning ikkinchi va uchinchi qavatlari yonib ketgan.
Dastlab yong‘inga beshinchi, eng yuqori murakkablik darajasi berilgan, biroq keyinchalik u to‘rtinchi darajaga tushirilgan. Olov 1,4 ming kvadrat metr maydonga tarqalgan. Hozirda yong‘in o‘chirilgan. Jami 120 nafar xodim va 30 ta texnika vositasi yong‘inni bartaraf etishga jalb qilingan.
Rossiya Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, yonayotgan bino ichida 200 dan ortiq kishi bo‘lgan bo‘lishi mumkin. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, qurilish maydonidan 31 kishi qutqarilgan.
Qurilish ishlarini olib borishda xavfsizlik qoidalarini buzish (RF Jinoyat kodeksining 216-moddasi, 3-qismi) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Yong‘inga nima sabab bo‘lgani hozircha ochiqlanmagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Nyu-Yorkning Astoriya (Kuins) hududida joylashgan bo‘sh turgan cherkovda kuchli yong‘in sodir bo‘lgandi. Hodisa joyiga 250 dan ortiq o‘t o‘chiruvchi va tez tibbiy yordam xodimlari jalb etilgan va 6 nafar o‘t o‘chiruvchi jarohat olgan.
Live
Barchasi