Belgiyada pandemiya sabab uyga mehmon chaqirish ham cheklanmoqda
Olam
−
07 Oktabr 2020
2735Belgiyada koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurash choralari kuchaytiriladi. Bu haqda mamlakat Bosh vaziri Aleksandr De Kroo ma’lum qilgan.
Mamlakatda kamida 1,5 metr ijtimoiy masofa saqlash kuchga kiradi. Jamoat joylarida avvaliga besh kishigacha to‘planishga ruxsat berilgan bo‘lsa, endi u uch kishiga qisqartiriladi.
Bundan tashqari, kafelarda bir stol atrofida o‘tirganlar 4 kishidan oshmasligi belgilangan. Shuningdek, kafelarning o‘zini soat 23:00 dan kechiktirmasdan yopish talab qilinadi.
Yangi qoidalarga ko‘ra, belgiyaliklar, shuningdek, uylariga to‘rt nafardan ortiq mehmon taklif qilishlari mumkin emas.
Ushbu choralar 9 oktyabrdan kuchga kirishi kutilmoqda.
Ma’lumot uchun, Belgiyada pandemiya boshlanganidan buyon 132 mingdan ortiq kishi koronavirus yuqtirgan. Vafot etganlar 10 mingdan oshib ketgan.
Dunyoda esa koronavirusga chalinganlar 36 millionga yaqinlashmoqda. 1 milliondan ko‘p kishi kasallik asoratlari oqibatida vafot etgan.