Belgiyada tarixidagi eng yirik o‘rmon yong‘ini Germaniya chegarasigacha bordi
Olam
−
13:50 426 2 daqiqa
Belgiyada mamlakat tarixidagi eng yirik o‘rmon yong‘inlaridan biri davom etmoqda. Sharqdagi “High Fens” tabiiy qo‘riqxonasida boshlangan yong‘in qariyb 2 700 gektar hududni qamrab olgan. Bu haqda DW xabar berdi.
Yong‘in joriy yilning 14 avgust kuni boshlangan hamda qarag‘ay o‘rmonlari bo‘ylab tez tarqalgan. Shamol yo‘nalishining o‘zgarishi va kuchli tutun sababli Belgiyaning Ueyms, Sauerbrodt va Byutgenbax hududlaridagi qariyb 600 nafar aholiga xavfsiz joyga ko‘chish tavsiya etilgan.
Mahalliy hokimiyat yong‘in turar joylarga yetib borishi xavfi mavjudligini bildirgan. Evakuatsiya qilinganlar uchun qo‘shni munitsipalitetdagi sport zallaridan biri vaqtincha boshpana sifatida ochilgan.
Yong‘inni o‘chirish ishlari hududning murakkabligi sabab qiyin kechmoqda. Ayrim joylarga texnika bilan yetib borishning imkoni yo‘qligi sababli qutqaruvchilar asosan aviatsiya vositalaridan foydalanmoqda.
Belgiya Yevropa Ittifoqining fuqarolik muhofazasi mexanizmini ishga tushirgan. Natijada Chexiya, Shvetsiya va Niderlandiyadan uchta vertolyot hamda ikkita suv tashuvchi samolyot yong‘inni o‘chirish ishlariga jalb etilgan. Germaniya va Lyuksemburg qutqaruvchilari ham operatsiyada ishtirok etmoqda. Mahalliy fermerlar ham favqulodda xizmatlarga yordam berib, yong‘in tarqalishi mumkin bo‘lgan hududlarni suv bilan namlamoqda.
Yong‘inning Germaniya tomon siljishi xavfi sabab Monshau shahrida 17 ta xonadondagi 30 ga yaqin aholi ehtiyot chorasi sifatida uylarini tark etgan. Biroq keyinchalik yong‘in Germaniya chegarasi tomon harakatlanmayotgani ma’lum qilingan. Bunga yengil yomg‘ir, shamolning pasayishi va havoning namligi yordam bergan.
Monshau Eyfel hududidagi sayyohlar ko‘p tashrif buyuradigan shaharlardan biri bo‘lib, unda qariyb 12 ming kishi istiqomat qiladi. Shahardan taxminan 23 kilometr uzoqlikda Germaniyadagi yana bir yirik o‘rmon yong‘ini sodir bo‘lgan va 14 avgust kuni qariyb 2 ming kishi evakuatsiya qilingan.
Belgiyada so‘nggi kunlarda havo harorati yana keskin ko‘tarilib, ayrim hududlarda 37 darajagacha yetgan. Mutaxassislar inson faoliyati oqibatidagi iqlim o‘zgarishi issiq va quruq ob-havo sharoitlarini kuchaytirayotganini, bu esa o‘rmon yong‘inlarining tezroq tarqalishi va uzoqroq davom etishiga sabab bo‘layotganini ta’kidlamoqda.
Yevropa komissari Xadja Laxbib Belgiyadagi yong‘inni qit’ada kuzatilayotgan iqlim o‘zgarishlarining navbatdagi belgisi sifatida baholagan. Uning qayd etishicha, o‘rmon yong‘inlari mavsumi hech qachon bu qadar erta boshlanib, Yevropaning bunday shimoliy hududlarigacha yetib bormagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xorvatiyaning sayyohlik shahri Omishda kuchli shamol tufayli o‘rmon yong‘ini sodir bo‘lib, mingga yaqin kishi evakuatsiya qilingani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi