Belgiya maymun chechagi uchun birinchi bo‘lib karantin joriy qildi
Olam
−
23 may 2022
8886Belgiya dunyoda birinchi bo‘lib maymun chechagi bilan kasallanganlar uchun 21 kunlik majburiy karantin joriy qildi. Belgiyada qayd etilgan barcha holatlar Antverpen shahridagi festival bilan bog‘liq.
Maymun chechagi virusi joriy yilning aprel va may oylarida G‘arbiy Yevropaning bir qancha mamlakatlarida, shuningdek, boshqa qit’alarda tarqaldi. So‘nggi kunlarda u Avstriya, Belgiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Ispaniya, Italiya, Portugaliya, Fransiya, Shveysariya va Shvetsiyada, shuningdek, AQSH, Kanada va Avstraliyada aniqlangan.
Hozirda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan tasdiqlangan 92 holat va 28 shubhali holat mavjud.
Maymun chechagi haqida nima ma’lum?
Maymun chechagining dastlabki belgilariga isitma, bosh og‘rig‘i va mushak og‘rig‘i, shishgan limfa tugunlari, titroq va ozg‘inlik kiradi. Kasal bo‘lganlarda ko‘pincha yuzda boshlanib, keyin tananing boshqa qismlariga, jumladan qo‘llar, oyoqlar va jinsiy a’zolarga tarqaladigan toshma paydo bo‘lishi mumkin. Maymun chechagi hayvonlarning chaqishi, ifloslangan buyumlar yoki kasal odam bilan yaqin aloqa qilish orqali yuqishi mumkin.
Virusga qarshi dorilar yo‘q.
Infeksiyalangan odamlarning aksariyati bir necha hafta ichida tuzalib ketadi. Biroq, birinchi marta 1970 yilda kashf etilgan maymun chechagining eng halokatli shtammlari kasal bo‘lganlarning 10 foizini o‘ldirishi mumkin.
So‘nggi kunlarda AQSHda ham maymun chechagi bilan kasallanish holatlari aniqlangan. Shu munosabat bilan AQSH hukumati chechakka qarshi 13 million vaksina sotib olishga buyruq bergan.