Bekzod Abdurahmonov Serbiyadagi musobaqada ikki karra jahon chempioni bilan bahslashdi 

Sport

image

Shu kunlarda Serbiya poytaxti Belgrad shahri mezbonligida sport kurashlari bo‘yicha kattalar o‘rtasidagi Jahon chempionati bo‘lib o‘tmoqda. Mazkur musobaqaning kecha, 17 sentyabr kuni erkin kurash bo‘yicha bo‘lib o‘tgan bellashuvlarida O‘zbekiston vakili Javrail Shapiyev bronza medali uchun bahsga kirishgan. Bu haqda Milliy olimpiya qo‘mitasi axborot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, o‘zbekistonlik sportchi Jahon chempionatining 3-o‘rini uchun kechgan kurashda raqibiga imkoniyatni boy bergan bo‘lishiga qaramay, keyingi bellashuvdagi g‘alabasi bilan Parij-2024 Olimpiadasi yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan.

Shuningdek, Tokio Olimpiadasining bronza medali sohibi Bekzod Abdurahmonov -74 kilogramm vazn toifasidagi bellashuvlarda ishtirok etgan. U ilk bosqichda polshalik Kamil Ribichkini 12-1 hisobida mag‘lub etgan, biroq 1/16 finalda Tokio Olimpiadasi chempioni, ikki karra jahon chempioni, rossiyalik Zaurbek Sidakovga yutqazib qo‘ygan. 

Sidakov finalga yo‘l olgani bois, Abdurahmonovda bronza medali hamda Parij Olimpiadasi uchun imkoniyat saqlanib qolgan. Buning uchun u birinchi galda o‘tish bahsida gruziyalik Avtandil Kenchadzeni mag‘lub etishi kerak bo‘ladi. 

Jahon chempionatining -57 kilogramm vazn toifasida esa G‘ulomjon Abdullayev O‘zbekiston sharafini himoya qilgan. U ilk bosqichda Shri-Lanka vakili Gayan Ekanayakani mag‘lub (10-0) etgan bo‘lsa, 1/8 finalda serbiyalik Stefan Michichga yutqazib (2-7) qo‘ygan. 

Ahamiyatlisi Michich finalga yo‘l olgani bois, Abdullayevda ham bronza medali va Parij Olimpiadasi uchun kurashish imkoniyati yuzaga kelgan. Bugun, 18 sentyabr kuni G‘ulomjon o‘tish bahsida koreyalik Kim Guk Xeonga qarshi gilamga chiqadi.   

-92 kilogramm vazndagi o‘zbekistonlik erkin kurashchi Rustam Shodiyev birinchi davrada polshalik Mixal Yan Beilavskidan 10-2 hisobida ustun kelgan. Ammo 1/8 finalda gruziyalik Mirian Maysuradzega imkoniyatni boy (0-10) berib qo‘yib, jahon chempionatidagi ishtirokini yakunlagan. 1/2 finalda qozog‘istonlik Rizabek Aytmuxanga yutqazgan Maysuradze bugun bronza medali uchun kurashadi.


Maqola muallifi

Teglar

Serbiya Javrail Shapiev Bekzod Abdurahmonov Belgrad

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing