Bekoboddagi IIB binosida vafot etgani aytilayotgan fuqaro ishi doirasida bir xodim qamoqqa olindi
3-sahifa
−
26 iyun
10825Avvalroq, Toshkent viloyatining Bekobod shahrida sudlanuvchining akasi IIB xodimlari tomonidan kaltaklanishi oqibatida tan jarohati olib, vafot etgani xabar qilingandi. Mazkur holat yuzasidan bir xodim qamoqqa olindi. Bu ma’lumotni Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov tasdiqladi.
Toshkent viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasi boshlig‘ining matbuot kotibi Bobur To‘laganovning ma’lum qilishicha, joriy yilning 19 iyun kuni Bekobod shahar sudi tomonidan Jinoyat kodeksining 104-moddasi (Qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) 2-qismi “ye”, “k”, “l” bandlari bilan ayblanuvchi 33 yoshli fuqaro X.Yu.ga nisbatan tergov harakatlari olib borilib, to‘plangan hujjatlar mazmunan ko‘rib chiqish uchun yuborilgan. Mazkur jinoyat ishini ko‘rish jarayonida, ayblanuvchi X.Yu.ning akalari 1981 yilda tug‘ilgan D.Yu. va 1978 yilda tug‘ilgan D.Yu. ukasiga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanganidan norozi bo‘lib, sud zalida janjal ko‘targani uchun jamoat tartibi buzilishi yuzaga kelgan.
Ushbu holatda jamoat tartibini tiklash va fuqarolar xavfsizligini ta’minlash maqsadida sud zaliga hududiy ichki ishlar bo‘limi xodimlari chaqirtirilgan. Chaqiruvga asosan yetib kelgan uch nafar IIB profilaktika inspektorlari tomonidan janjal bartaraf qilinib, huquqbuzarlik holati yuzasidan hujjatlarni rasmiylashtirish maqsadida voqea ishtirokchilari shahar IIB binosiga olib borilgan.
IIB binosiga kirish yo‘lagida, fuqaro D.Yu. sog‘ligi yomonlashib, hushini yo‘qotgan.
Toshkent viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasining ma’lum qilishicha, xodimlar fuqaroni xizmat avtomashinasida shahar shifoxonasiga olib borgan. Tibbiyot birlashmasi xodimlari tomonidan ko‘rikdan o‘tkazilgan vaqtida D.Yu. vafot etgani aniqlangan.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili IIB binosiga majburiy olib ketilgan aka-uka D.Yu. va D.Yu. larga nisbatan kuch ishlatilgani holati o‘rganilayotganini ma’lum qildi. Holat Toshkent viloyati prokuraturasi tomonidan o‘rganilmoqda.
Shuningdek, Ombudsmanning Toshkent viloyatidagi mintaqaviy vakili marhumning oila a’zolari bilan uchrashib, ularga ta’ziya bildirgan. Bosh prokuraturaga esa Ombudsmanning nazorat xati yuborilgan.
“Ombudsman ushbu holatni qonun talablari doirasida ko‘rib chiqilishi, voqeaning barcha jihatlarini ochiq va adolatli surishtiruvini ta’minlashni so‘raydi”, deyilgan xabarda.
LiveBarchasi