Prezident Bekoboddagi mahallaga borib, aholi bilan suhbatlashdi
Jamiyat
−
17:44 570 2 daqiqa
Prezident Shavkat Mirziyoyev Bekobod shahriga tashrifi davomida “Xos yoz” kanali bo‘yi va “Do‘stlik” mahallasida amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, bir paytlar e’tibordan chetda qolgan, qarovsiz va tartibsiz bo‘lgan “Xos yoz” kanalining bo‘yi bugun shaharning eng go‘zal go‘shasiga aylangan. Endilikda mahallalar yaqinida barcha qulayliklarga ega zamonaviy ekologik makon paydo bo‘lgan.
Hududni kompleks rivojlantirish bo‘yicha master-reja doirasida 3 kilometr uzunlikda maxsus piyodalar yo‘lagi va 5,4 kilometrlik mustahkam to‘siqlar qurilgan, 2 ta ko‘prik qad rostlagan. Shuningdek, loyiha natijasida sohil bo‘yida 27 ta yangi savdo va zamonaviy xizmat ko‘rsatish ob’ekti tashkil etilib, 167 ta yangi doimiy ish o‘rni yaratilgan.

Davlat rahbari bu yerda sport bilan shug‘ullanayotgan yoshlar bilan suhbatlashgan.

“Do‘stlik” mahallasi hududi hozir 28 gektarni tashkil etadi. Bu yerda 33 ta ko‘p qavatli uy, xususiy maktabgacha ta’lim tashkiloti, futbol maydoni, 16 ta sport va bolalar maydonchasi hamda kutubxona mavjud.

Joriy yilda tadbirkorlar tomonidan 1,1 milliard so‘m investitsiya kiritilib, 10 ta xizmat ko‘rsatish ob’ekti va 1 ta umumiy ovqatlanish shoxobchasi tashkil etilgan. Natijada 25 ta yangi ish o‘rni yaratilgan. Shuningdek, tashabbuskorlar mablag‘lari hisobidan “Vatanparvar bog‘i” ham barpo qilingan. Unda harbiy texnika namunalari o‘rnatilib, xizmat ko‘rsatish ob’ektlari qurilgan.

“Tashabbusli byudjet” mablag‘lari hisobidan mahalla hududida Bekobod shahri muzeyi tashkil etilgan. Mahallada nuroniylar va mehnat faxriylarining dam olishi, uchrashuvlar, davra suhbatlari hamda ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazish uchun yog‘och konstruksiyali yozgi shiypon qad rostlagan.

Davlat rahbari mahalladagi bunyodkorlik ishlarini ko‘zdan kechirib, aholi uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishgan. Mahalla faollari va mehnat faxriylari bilan samimiy muloqot qilgan.
“Barcha amalga oshirayotgan ishlarimiz, barpo etilayotgan ob’ektlarimiz va loyihalarimiz, avvalo, aholiga xizmat qilishi, insonlar hayotini yaxshilashi kerak. Odamlar o‘z mahallasida, shahrida kechayotgan o‘zgarishlarni his qilishi, ularning samarasini kundalik hayotida ko‘rishi kerak.
Har safar hududlarga kelganimizda insonlar Yangi O‘zbekiston islohotlarining nafasini, uning yangilanish va taraqqiyot shabodasini his etishi zarur. Bekobod shahri ham o‘zining mehnatkash va fidoyi aholisi, iqtidorli yoshlari, hayot tajribasiga ega nuroniylari bilan yanada obod va taraqqiy etgan maskanga aylanishi kerak.
Biz yoshlarimizning orzu intilishlari, nuroniylarimizning ezgu niyat va maqsadlari ro‘yobga chiqishi uchun barcha imkoniyatlarni safarbar etamiz”, deydi Prezident.
Shuning bilan Prezidentning Bekobodga safari yakuniga yetib, davlat rahbari Toshkentga qaytib kelgan.
Live
Barchasi