Bekobod yoshlarining uchdan biri chet elda sarson yuribdi
Jamiyat
−
07 avgust 2023
6454Toshkent viloyati Bekobod tumanida 10 ming nafardan ziyod yoshlar mehnat muhojiri sifatida xorijiy mamlakatlarda sarson bo‘lib yuribdi. Bu haqda bugun, 7 avgust kuni bo‘lib o‘tgan Xalq deputatlari Bekobod tumani kengashining navbatdan tashqari sessiyasida aytib o‘tildi.
Sessiyada viloyat hokimi Zoyir Mirzayev nutq so‘zlagan. Hokim o‘z nutqida tumandagi 10 mingdan ortiq yoshlar xorijda ishlayotganini aytgan. Ularni qaytarish, ish taklif qilish, Prezidentning 373-sonli (“Dehqon xo‘jaliklari tashkil etishni qo‘llab-quvvatlash orqali aholi daromadlarini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi) qarori bo‘yicha yer berish paysalga solinayotgani tanqid qilingan.
Statistikaga ko‘ra, Bekobod tumanida 161,5 ming aholi istiqomat qiladi (2021 yil). Ulardan 30 yoshgacha bo‘lganlar 82 ming 300 nafar bo‘lib, mehnatga layoqatli yoshlar 34 ming 161 nafarni tashkil etadi.
Yig‘ilishda hududdagi “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 1698 nafar yoshlardan faqatgina 977 nafariga yordam ko‘rsatilgani va bu borada Bekobod tumani Toshkent viloyatdagi eng yomon natijaga egaligi tanqid ostiga olingan.
Bundan tashqari, Bekobodda 3271 nafar bola bog‘chaga bormasligi, tumanning 25 ta mahallasida esa bolalar bog‘chasi yo‘qligi qayd etilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Bekobod tumani hokimi Furqat Xudoyberdiyev shu va boshqa xato-kamchiliklarga yo‘l qo‘ygani uchun vazifasidan ozod qilinib, uning o‘rniga Shuhrat Shahobutdinovich Mirzayev nomzodi tavsiya qilingandi.
LiveBarchasi