Bekxem qirolicha Yelizaveta II bilan xayrlashish uchun 13 soatdan ortiq navbatda turdi

Sport

image

Angliya terma jamoasi va “Manchester Yunayted”ning sobiq futbolchisi Devid Bekxem Buyuk Britaniyaning marhum qirolichasi Yelizaveta II bilan hayrlashish uchun 13 soat navbatda turdi. Bu haqda ESPN nashri xabar berdi.

Devid Bekxem bobosi, buvisi va oilasi nomidan Qirolicha bilan hayrlashish uchun kelganini aytgan.

“Men qirollarni (yaxshi ko‘ruvchilar – tahrir) oilasida o‘sganman. Men shunday tarbiyalanganmanki, agar bobom va buvim tirik bo‘lganida, ular ham shu yerda bo‘lishni xohlashlarini bilaman. Shuning uchun men ularning nomidan va oilam nomidan shu yerdaman. Albatta, atrofdagilar bilan birga Qirolichaning xotirasiga hurmat bajo keltirmoqchiman”, degan sobiq futbolchi.

Shuningdek, “Manchester Yunayted”ning sobiq futbolchisi Qirolichaning qo‘lidan Britaniya Imperiyasi ordenini olganini va u bilan gaplashganini hayotidagi eng muhim lahza, deb atagan.

“Men o‘z mamlakatim sharafini himoya qilgan, (Angliya) sardori bo‘lgan davrimda va u bilan (Yelizaveta II) ko‘p marta uchrashish imkoniga ega bo‘lganimdan juda baxtiyorman. Har safar terma jamoa libosida turganimizda, qo‘limda sardorlik bog‘ichi bor edi va biz “Xudo qirolichani asrasin” qo‘shig‘ini kuylardik. Bu biz uchun katta ahamiyatga ega edi. Har safar bu alohida his-tuyg‘u bo‘lgan. Ehtimol, men uchun eng muhim daqiqa Britaniya Imperiyasining ordenini olgan paytim bo‘lgan. Men nafaqat mukofot oldim, balki Hazrati Oliyalari bilan gaplashdim. U menga savollar berdi... Hayotimda shunday lahzalar bo‘lganidan juda baxtiyorman”, degan Bekxem.

Bekxem 2003 yilda futboldagi xizmatlari uchun qirolicha tomonidan Britaniya Imperiyasi ordeni (Order of the British Empire) bilan taqdirlangan.

Qirolicha bilan hayrlashish oldidan Devid qora kostyum, to‘q ko‘k palto va tekis qalpoq kiygan edi. Bekxemning aytishicha, 13 soatdan ortiq navbatda turganiga qaramay, uning tizzalari og‘rimagan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 8 sentyabr kuni Buyuk Britaniya Qirolichasi Yelizaveta II 96 yoshida vafot etdi. U 1952 yilning 6 fevralida taxtga o‘tirgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Elizaveta II Devid Bekxem

Baholaganlar

64

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing