Bekinmachoq o‘ynab yo‘qolib qolgan bola 35 yildan keyin topildi

Olam

image

Xitoyda bolaligida do‘stlari bilan bekinmachoq o‘ynayotgan paytda tasodifan poyezdga chiqib ketib, 35 yil davomida bedarak yo‘qolgan erkak nihoyat biologik oilasi bilan uchrashdi. Bu haqda “South China Morning Post” xabar berdi.

Qayd etilishicha, 1991 yilda Xitoyning Xenan viloyatida yashagan kar va so‘zlay olmaydigan Ley Zetsin do‘stlari bilan hazillashib poyezdga chiqqan va o‘rindiq ostida uxlab qolgan. U uyg‘onganida esa tug‘ilib o‘sgan hududidan qariyb 1,5 ming kilometr uzoqlikdagi Guandun viloyatining Shenchjen shahriga borib qolgan. Muloqot qila olmagani sababli u kimligini va qayerdan ekanini tushuntira olmagan va uyiga qayta olmay, Shenchjen temir yo‘l vokzali atrofida uysiz bola sifatida yashay boshlagan.

Ko‘p o‘tmay, mahalliy ayol unga yozishni o‘rgatgan. Besh yil o‘tgach, ayol Gonkongga ko‘chib ketgan. Shundan so‘ng Shenchjen temir yo‘l vokzali yaqinidagi restoran egasi Xun Syan Syan Leyni o‘z qaramog‘iga olgan. U Leyni restoran xodimlari yotoqxonasiga joylashtirib, bepul ovqat bilan ta’minlagan. Restoran ikki yildan so‘ng faoliyatini to‘xtatgan bo‘lsa-da, Xun Leyga boshqa ish topib bergan. Xun va uning rafiqasi, o‘zlarining ikki farzandi bo‘lishiga qaramay, Leyga qariyb 30 yil davomida o‘z farzandidek g‘amxo‘rlik qilgan.

Ley bu yillar davomida biologik oilasini izlashdan voz kechmaydi. U internet orqali qidiruv e’lonlarini joylashtiradi, bolalik xotiralari bilan bog‘liq hududlarni poyezdda kezadi. Xun esa unga politsiyaga murojaat qilish, mahalliy gazetalarda qidiruv e’lonlari berish va DNK tahlilidan o‘tishda yordam beradi.

Nihoyat, Leyning ham kar va so‘zlay olmaydigan akasi Ley Zexu messenjer ilovasidagi guruhlardan birida ukasining qidiruv xabarini ko‘rib qoladi. Ley bolaligidan ism-familiyasini teskari tartibda yozish odatini saqlab qolgani akasiga uni tanib olishga yordam beradi. Ular internet orqali bir necha bor muloqot qilgach, Ley DNK tahlilidan o‘tadi va natijalar ularning biologik aka-uka ekanini tasdiqlaydi.

2026 yil 11 iyun kuni Ley otasi, akasi va opasi bilan 35 yillik ayriliqdan so‘ng Shenchjenda ko‘z yoshlar bilan uchrashgan. Uchrashuvdan ikki soat o‘tib chiqqan DNK natijalari ularning qarindoshligini rasman tasdiqlagan. Biologik oilasi Leyga o‘ttiz yil davomida g‘amxo‘rlik qilgan Xun va uning rafiqasiga alohida minnatdorlik bildirgan.

“Ukamning nogironligiga qaramay, uni o‘z farzandingizdek tarbiyalaganingiz uchun sizga katta rahmat”, deydi Leyning opasi.

Ley esa biologik ota-onasi bilan bir qatorda, Shenchjenda unga boshpana va mehr bergan oilani ham hech qachon unutmasligini aytgan.

“Biologik ota-onam oldidagi burchimni ham, Shenchjendagi ota-onamning mehrini ham hech qachon unutmayman”, degan u.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing