Bayrut fojiasi talafotlari: qurbonlar 130 nafardan oshdi
Olam
−
06 avgust 2020
10414Livan poytaxti Bayrutda joriy yilning 4 avgust kuni yuz bergan portlash qurbonlari 137 nafarga yetdi. Jarohatlanganlar esa 5 mingdan ziyodni tashkil etmoqda. Ayni vaqtda shahardagi shifoxonalar jabrlanganlar bilan to‘lgan shu bois qurbonlar shahar chekkasiga yuborilmoqda.
Gubernator Marvan Abbudning ta’kidlashicha, portlash natijasida ko‘rilgan zarar 3 milliard AQSH dollarini tashkil etadi. Fojiada 300 ming fuqaro boshpanasiz qolgan. Portlash to‘lqini shaharning yarmiga ta’sir ko‘rsatib, binolarning vayron bo‘lishiga olib kelgan.
Portlash natijasida “Kataib” Livan xristian partiyasining bosh kotibi Nizar Najaryan ham halok bo‘lgan. Shuningdek, Birlashgan Millatlar Tashkiloti vakolatxonasining 48 xodimi jarohatlangan.
Mahalliy hokimiyat vakillariga ko‘ra, portdagi portlashga bundan 6 yil avval bojxona xizmati tomonidan “Rhosus” kemasidan musodara qilingan 2,7 ming tonna ammiakli selitra sabab bo‘lgan. Qayd etilishicha, 4 avgust kuni port omborlaridan birida yong‘in kelib chiqqan va selitra saqlanayotgan ombor alanga olgan. Aslida esa bundan olti oy avval o‘tkazilgan tekshiruvlarda portda portlovchi moddalar saqlanayotgani aniqlangan, biroq choralar ko‘rilmagan.
Livan bojxona xizmati boshlig‘i Badri Daxerning so‘zlariga ko‘ra, bojxona va jamoat xavfsizligi bosh boshqarmasi xavfli yuklarni bandargohdan olib tashlashni bir necha bor so‘ragan, ammo olti yil davomida ularning talablari e’tiborga olinmagan.
Ichki ishlar vaziri Muhammad Fahmining so‘zlariga ko‘ra, mazkur portlash bo‘yicha tergov Livan rasmiylari tomonidan o‘tkaziladi, unga xalqaro ekspertlar jalb qilinmaydi. Rasmiylar voqeaning barcha holatlarini tekshirishni besh kun ichida yakunlashga va’da bermoqda.
Ammiakli selitra musodara qilingan kema esa xabarovsklik tadbirkor Igor Grechushkinga tegishli bo‘lgani aytilmoqda. Livan Hukumati portlash sababchilari aniqlanmagunga qadar port ma’muriyatini uy qamog‘ida saqlashga qaror qildi.
Prezident Mishel Naim Aun Oliy mudofaa kengashi yig‘ilishini o‘tkazib, jarohatlanganlarga byudjet mablag‘lari hisobidan tibbiy yordam ko‘rsatish, uyi va mulkiga zarar yetganlarni vaqtinchalik joy bilan ta’minlash yuzasidan topshiriq berdi.
LiveBarchasi