Isroil “Hizbulloh” harbiy rahbarini ham o‘ldirdi

Olam

image

Isroil kecha, 23 noyabr Bayrutning janubiy tumaniga havo zarbasi berib, AQSH vositachiligidagi o‘t ochishni to‘xtatish kelishuviga qaramay, “Hizbulloh” tashkilotining yuqori harbiy rasmiysini o‘ldirdi. Buni Isroil armiyasi tasdiqladi.

Armiya bayonotiga ko‘ra, bir necha oydan beri ilk bor amalga oshirilgan zarba Livan poytaxti atrofidagi tumanga yo‘naltirilgan bo‘lib, “Hizbulloh”ning vaqtinchalik bosh shtabi rahbari Ali Tabtaboiga qaratilgan.

“Hizbulloh” o‘z bayonotida Tabtaboi vafotini tasdiqlab, uni “buyuk qo‘mondon”, “o‘zining muborak hayotining oxirgi daqiqalarigacha isroillik dushmanga qarshi kurashgan” deb ta’rifladi. Bayonotda uning aniq vazifasi haqida batafsil ma’lumot berilmagan.

“Isroilning bu zarbasi kizil chiziqni buzdi”, dedi “Hizbulloh” rasmiysi Mahmud Qimati Haret Hreyq tumanidagi portlagan bino yaqinida turib. 

Uning so‘zlaricha, tashkilot rahbariyati javob chorasi bo‘ladimi-yo‘qmi va qanday bo‘lishini keyin hal qiladi.

Livan Sog‘liqni saqlash vazirligining ma’lumot berishicha, zarba oqibatida besh kishi halok bo‘lgan va yana 28 kishi yaralangan. Hujum ko‘p qavatli binoni nishonga olgan va uning vayronalari pastdagi asosiy yo‘lda turgan mashinalarning ustiga tushgan.

“Reuters” muxbirining aytishicha, odamlar yana hujum bo‘lishidan qo‘rqib, o‘z uy-joylaridan tashqariga chiqib ketgan.

Qo‘shma Shtatlar 2016 yilda Tabtaboiga nisbatan sanksiyalar joriy etgan, uni “Hizbulloh”ning asosiy rahbarlaridan biri sifatida ko‘rsatib, u haqida ma’lumot uchun 5 million dollargacha mukofot taklif qilgan.

Isroil armiyasi bayonotida ta’kidlanishicha, Tabtaboi “Hizbulloh”ning aksariyat qo‘shinlarini boshqargan va ularni Isroil bilan urushga tayyor holga keltirish uchun qattiq mehnat qilgan”.

Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu televideniye orqali e’lon qilingan qisqa bayonotida Isroil “Hizbulloh”ning kuchlarini qayta tiklashiga yo‘l qo‘ymasligini” va Livan hukumatidan “Hizbulloh”ni qurolsizlantirish bo‘yicha o‘z majburiyatini bajarishini kutayotgani”ni aytdi.

Livan Prezidenti Jozef Aun xalqaro hamjamiyatni Isroil hujumlarini to‘xtatish uchun aralashishga chaqirdi.

Zarba Rim papasi Leoning Livanga ilk xorijiy safari doirasida kelishi rejalashtirilganidan bir hafta oldin amalga oshirildi. Ko‘plab livanliklar bu tashrif mamlakatda yaxshiroq kunlar boshlanishining belgisi bo‘lishi mumkin, deb umid qilmoqda.

2024 yil noyabrdagi o‘t ochishni to‘xtatish haqidagi kelishuv “Hizbulloh” va Isroil armiyasi o‘rtasidagi bir yillik to‘qnashuvlarga chek qo‘yish uchun mo‘ljallangan edi. Bu to‘qnashuvlar 2023 yil 7 oktyabrda HAMAS amalga oshirgan hujumdan bir kun keyin “Hizbulloh”ning Isroil postlariga raketa otishi bilan boshlangan.

Biroq Isroil kelishuvdan beri Livanga qarshiliklarini deyarli har kuni davom ettirib kelmoqda, o‘zi aytganidek, “Hizbulloh”ning qurol-aslaha omborlari, jangchilari va ularning qayta tiklanish urinishlarini nishonga olmoqda. So‘nggi haftalarda ham zarbalar kuchaytirilgan.

Isroil AQSHga bu zarbadan oldin xabar bergan-bermagani haqida so‘ralganda, Isroil hukumatining matbuot kotibi Shosh Bedrosian Isroil qarorlarni mustaqil ravishda qabul qilishini aytdi.

Isroil bir yillik urush davomida guruhning rahbariyatining katta qismini, jumladan, o‘sha paytdagi rahbari Hasan Nasrullohni ham yo‘q qilgan.

2024 yildan beri Isroil va Livan o‘t ochishni to‘xtatish shartlarini buzishda bir-birini ayblab kelmoqda.

Livan Isroilning doimiy havo zarbalari va Isroil qo‘shinlarining Livan hududidagi janubiy besh postni ishg‘ol qilib turganini keskin buzilishlar deb hisoblaydi. Prezident Aun muzokaralarga ochiqligini aytgan, ammo Isroil rasmiylaridan ijobiy javob olmaganini bildirdi.

Isroil esa “Hizbulloh”ni janubda qayta tuzilishga urinyotganlikda ayblamoqda va mamlakat bo‘ylab, jumladan, “Hizbulloh”ga tegishli noqonuniy qurollarni musodara qilish borasida Livandan qattiqroq choralar ko‘rishni talab qilmoqda.

“Hizbulloh” o‘t ochishni to‘xtatish bitimi kuchga kirganidan beri Isroilga o‘q otmaganini va kelishuvga amal qilayotganini ta’kidlamoqda.

Eslatib o‘tamiz, Isroil kecha, 23 noyabr kuni G‘azo sektoriga uyushtirilgan hujumda HAMAS harakatining mahalliy qo‘mondonlaridan biri Alaa al-Hadidini o‘ldirganini e’lon qilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Isroil Livan Bayrut Hizbulloh Ali Tabtaboi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing