Isroil Bayrutga zarba berdi

Olam

image

Isroil havo kuchlari kecha, 27 aprel kuni Bayrut janubidagi nishonga havo hujumi uyushtirdi. Bu haqda AFP xabar bermoqda.

Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxuning idorasi ma’lum qilishicha, zarba “Hizbulloh” tomonidan aniq raketalarni saqlash uchun foydalanilgan binoga berilgan.

AFP'ning ta’kidlashicha, SAXAL avvalroq mahalliy aholiga hujum sodir bo‘lgan hududni evakuatsiya qilish zarurligi haqida ma’lum qilgan. Livan poytaxtidagi agentlik muxbiri odamlar “zich yashaydigan” Hadat hududidagi hujum va undan keyingi yong‘in belgilariga guvoh bo‘lgan. Biroq fuqarolik infratuzilmasiga zarar yetganligi va qurbonlar haqida ma’lumotlar yo‘q.

Livan telekanallarida esa angarga o‘xshash inshoot yaqinidagi yong‘in tasvirlari paydo bo‘ldi.

Livan prezidenti Jozef Aun Isroilning zarbasini qoralab, buni “Hizbulloh” va Isroil o‘rtasida noyabr oyi oxirida erishilgan o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvining navbatdagi buzilishi deb atadi. Avvalroq kamida ikkita shunga o‘xshash havo hujumi haqida xabar berilgan edi.

Aun bitim tuzilganida Livan xavfsizligining kafillari sifatida harakat qilgan Fransiya va Qo‘shma Shtatlarni Isroilga ta’sir o‘tkazishga va “hujumlarini darhol to‘xtatishga majbur qilish”ga chaqirdi.

Netanyaxu idorasi, o‘z navbatida, “Hizbulloh”ning Bayrutdagi infratuzilma ob’ektida raketalarni saqlashi kelishuvni buzish ekanini aytdi.

Hujumni BMTning Livan bo‘yicha maxsus koordinatori Janin Xennis-Plasschayert ham qoraladi.

“Bayrutning janubiy chekka hududlaridagi zarbasi vahima va normal hayotga qaytishni orzu qilganlar o‘rtasida zo‘ravonlikning qayta tiklanishi qo‘rquvini uyg‘otdi. Biz barcha tomonlarni sulh bitimiga putur yetkazishi mumkin bo‘lgan har qanday harakatlarni to‘xtatishga chaqiramiz”, deb yozdi u X ijtimoiy tarmog‘ida.

Havo hujumi kun davomida Livandagi nishonlarga Isroilning yagona hujumi emas edi. Shu kuni mamlakat janubida dron hujumida mamlakat aholisidan biri halok bo‘ldi. SAXALning aytishicha, bu shaxs “Hizbulloh” zobiti bo‘lib, guruhning mintaqada infratuzilmani tiklash harakatlariga rahbarlik qilgan. 

Livan ommaviy axborot vositalari, o‘z navbatida, zarba qurboni mahalliy tovuq fermeri bo‘lganini xabar qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Isroil Livan Bayrut Bin'yamin Netan'yaxu Hizbulloh TsAXAL

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing