Baydenning o‘g‘li pora olganlikda ayblandi
Olam
−
08 avgust
3703Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti Jo Baydenning o‘g‘li Xanter Bayden oligarxdan pora olganlikda ayblandi. Bu haqda kecha, 7 avgust kuni “ABC News” xabar berdi.
AQSHning maxsus prokurori Devid Vaysning idorasi Xanter Bayden va uning biznes hamkorlarini ruminiyalik oligarxdan Amerika hukumat idoralariga ta’sir o‘tkazish va’dasi uchun 3 million dollar olganlikda ayblagan. Sudga taqdim etilgan maxsus prokuratura materiallariga ko‘ra, ruminiyalik tadbirkor Gabriel Popovichu 2015 yilda Xanter Baydenni yuridik topshiriqlarni bajarish uchun yollagan. Shundan so‘ng, oligarx o‘z vatanida korrupsiyada ayblangan.
Materiallarda aytilishicha, sud majlislarida AQSH Prezidentining o‘g‘li Bayden Popovichudan Amerika rasmiylariga ta’sir o‘tkazishga va’da bergani uchun pul olgani, ular, o‘z navbatida Ruminiyada Gabriel Popovichuga qo‘yilgan ayblovlarni tekshirib ko‘rishlarini tasdiqlovchi dalillar taqdim etilgan.
Qayd etilishicha, Xanter Bayden pora olish otasining siyosiy karerasiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini yaxshi bilgan, shu bois u imzolagan bitim uning asl mohiyatini yashiradigan tarzda tuzilgan.
Xanter Bayden avvalroq 2016 yildan 2020 yilgacha umumiy summasi 1,4 million dollarlik soliq to‘lashdan bo‘yin tovlaganlikda ayblangan edi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xanter Bayden noqonuniy qurol saqlashda ayblanayotgani, sud unga nisbatan 25 yilgacha qamoq jazosi tayinlashi mumkinligi haqida xabar berilgandi. Unga ko‘ra, 54 yoshli kichik Bayden 2018 yilning oktyabr oyida “Colt Cobra 38 Special revolver” deb nomlangan qurolni sotib olish davomida ro‘yxatga olish organlariga yolg‘on ma’lumot bergan. Delaver shtatining Uilmington shahridagi hakamlar hay’ati uni qurol sotib olish ishida aybdor deb topdi.
LiveBarchasi