Baydenni haqoratlagan amerikalik qilmishini izohladi
Olam
−
26 dekabr 2021
9609Rojdestvo arafasida AQSH Prezidenti Jo Bayden bilan telefon aloqasi chog‘ida davlat rahbari haqida noo‘rin so‘zlarni aytgan to‘rt farzandning otasi Jared Shmek bu bilan o‘zini hech qanday hurmatsizlik ko‘rsatmagan, deb hisoblaydi. Bu haqda “The Oregonian” gazetasi xabar bergan.
Joriy yilning 24 dekabr kuni mamlakatning birinchi juftligi an’anaga ko‘ra Rojdestvo arafasida yosh amerikaliklar bilan telefon orqali suhbatlashdi. Shmek Prezident va birinchi xonim Jill Baydenni tabrikladi:
“Umid qilamanki, sizda ham Rojdestvo bayrami ajoyib bo‘ladi. Olg‘a, Brendon!” dedi u.
Konservativ doiralardagi Amerika yetakchisining raqobatchilari “Olg‘a, Brendon!” degan evfemizmni Prezidentni so‘kish o‘rniga qo‘llashadi.
Keyinchalik, Shmek qo‘pollik qilishni istamaganini ma’lum qildi.
“Janob Baydenga qarshi hech qanday adovatim yo‘q, lekin men xafaman, chunki u o‘z ishini yaxshiroq bajara oladi deb o‘ylayman”, degan u.
Ta’kidlanishicha, Shmek 35 yoshda bo‘lib, Oregon shtatida yashaydi. U elektr kompaniyasida ishlaydi, bungacha olti yil politsiyada xizmat qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bayonotlarida Prezidentga nisbatan hurmatsizlik bo‘lmagan.
To‘rt farzandning otasi suhbatning efirga uzatilishidan xabari yo‘qligini aytdi. Biroq, uning so‘zlariga ko‘ra, noxush iborani aytganidan keyin qo‘ng‘iroq uzilib qolgan. Shmek gaplarini hazil bilan izohlagan.
“Endi menga so‘z erkinligimdan foydalanganim uchun hujum qilishmoqda”, degan u.
Ma’lumot o‘rnida, bu shior joriy yilning oktyabr oyida Alabamadagi NASCAR poygalaridan keyin paydo bo‘lgan. G‘olib Brendon Braun NBC Sports muxbiri bilan suhbatlashganida, olomon uning ortidan hayqiriqlar aytgan. Jurnalist ular sportchini qo‘llab-quvvatlash uchun “Olg‘a, Brendon” deb qichqirayotganini taxmin qilgan, biroq aslida bu Baydenga qaratilgan haqoratli ibora bo‘lgan. O‘shandan beri bu ibora Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti nomiga aytilgan la’natning senzura versiyasi sifatida ishlatiladi.