Bayden to‘fondan jabr ko‘rgan shtatlar uchun 612 mln dollar ajratdi
Olam
−
14 Oktabr
1791AQSH Prezidenti Jo Bayden “Milton” va “Helen” dovullaridan jabrlangan shtatlarda uning oqibatlarini bartaraf etish uchun 612 million dollar ajratilishini e’lon qildi. Bu haqda Bayden Floridaga safari davomida ma’lum qildi.
“Ilk kunlarda 2 milliondan ortiq aholining elektr ta’minoti tiklandi. 43 shtat hamda Kanadadan kelgan o‘n minglab energetika kompaniyalari xodimlari uzluksiz ishlayotgani tufayli yana ko‘proq odamlar yaqin kunlarda elektr ta’minotiga ega bo‘ladi. Bugun men faxr bilan “Helen” va “Milton” dovullaridan jabrlangan aholiga yordam berish uchun 612 million dollar ajratilishini e’lon qilaman”, dedi davlat rahbari.
Qayd etilishicha, bu mablag‘lar jabrlangan hududlarda elektr ta’minotini tiklash, shuningdek, mintaqaning energetika tizimini takomillashtirish va uni tabiiy ofatlarga bardoshli qilish uchun sarflanadi. Baydendan keyin chiqish qilgan Energetika vaziri Jennifer Grenxolmning ma’lum qilishicha, shtatdagi shikastlangan elektr tarmoqlarining taxminan 75 foizi allaqachon tiklangan bo‘lib, 15 oktyabr kuni kechgacha barcha ishlar yakunlanishi kutilmoqda.
Ma’lumot uchun, uchinchi shkaladagi “Milton” dovuli joriy yilning 9 oktyabr kuni Florida shtatidagi Siyesta-Ki shahri yaqinidagi qirg‘oqlarga yopirildi. 10 oktyabr kuni dovul birinchi shkalagacha kuchsizlandi. Avvalroq, 7 oktyabr kuni Bayden Floridaga yaqinlashayotgan “Milton” dovuli tufayli shtatda favqulodda holat e’lon qilish to‘g‘risidagi buyruqni imzolab, mahalliy hokimiyatlarga federal yordam ajratishni topshirgan edi. Shuningdek, sentyabr oyining oxirida AQSH janubiga “Helen” dovuli urilib, 200 dan ortiq odamning hayotiga zomin bo‘lgan va mintaqaga taxminan 35 milliard dollar miqdorida zarar keltirgan edi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Milton” to‘fonidan ko‘rilgan zarar taxminiy hisob-kitoblarga ko‘ra 50 milliard dollarga baholangan edi.
LiveBarchasi