Bayden Rossiyaning urush jinoyati bo‘yicha dalillarni oshkor etishni buyurdi
Olam
−
27 iyul 2023
4903Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti Jo Bayden o‘z ma’muriyatiga Ukrainadagi Rossiyaning urush jinoyati bo‘yicha dalillarni Xalqaro jinoiy sud (XJS)ga topshirishga ko‘rsatma berdi. Bu haqda kecha, 26 iyul kuni AQSH rasmiylariga tayanib, “Reuters” xabar berdi.
Qayd etilishicha, Baydenning bunday harakatiga Pentagon qarshi chiqqan. Amerikalik harbiylarning fikricha, AQSHning XJS bilan har qanday hamkorligi “xorijda joylashgan amerikalik harbiylarni siyosiylashgan jinoiy javobgarlikka tortish uchun yo‘l ochishi mumkin”. AQSH qonunchilari esa Pentagonni XJSga vazirlikda saqlanishi aytilayotgan razvedka ma’lumotlarini taqdim etishdan bosh tortgani uchun tanqid qilgan.
Ma’lumot uchun, XJS BMT tuzilmalariga kirmaydi. U 1998 yilda imzolangan Rim statutiga muvofiq tashkil etilgan. Sud davlatlarni emas, balki shaxslarni sud qilish majburiyatini oladi. Uning vakolatiga urush jinoyatlari, insoniyatga qarshi jinoyatlar va genotsid uchun javobgarlikka tortish kiradi. Ukraina, Rossiya va AQSH 2000 yilda Rim statutini imzolagan, ammo hujjatni ratifikatsiya qilmagan. Joriy yilning mart oyi o‘rtalarida XJS Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va bolalar ombudsmani Mariya Lvova-Belovani hibsga olishga order bergan. Kreml esa sud qarorini haqiqiy emas deb atadi.
LiveBarchasi