Bayden puldan qiynalmoqda
Olam
−
17 Sentabr 11342 2 daqiqa
AQSHning sobiq prezidenti Jo Bayden prezidentlik muddati tugaganidan keyin oddiy va tejamkor hayot tarzini olib bormoqda. Bu haqda “The Wall Street Journal” xabar berdi.
Nashrning yozishicha, 82 yoshli siyosatchi boshqa sobiq prezidentlar darajasida daromad topa olmayapti. Bunga uning yoshi, mashhurlikning pasayishi hamda kompaniyalar uni pulli ma’ruzalar uchun taklif qilishni istamasligi sabab bo‘lmoqda.
Baydenning asosiy daromadlari xotira kitobidan (10 mln dollar) va yiliga 416 ming dollarlik pensiyadan iborat. Pulli ma’ruzalar unga 300–500 ming dollar keltirishi mumkin, ammo bunday takliflar juda kam. Masalan, Barak va Mishel Obamalar o‘z memuarlari uchun 60 mln dollar olgan.
Shu bilan birga, Bayden katta xarajatlarga duch kelmoqda. U Rihobot-Bich’dagi 2,7 mln dollar turadigan uyining ipotekasini to‘lashi kerak, bu yil mamlakatda mulk solig‘i 20 foizga oshgan. Shuningdek, u o‘g‘li Xanterning sud jarayonlarini moliyalashtirishga yordam berib, qizi Eshliga ajrashish jarayonida ko‘mak bermoqda.
NBC xabariga ko‘ra, Bayden kutubxona qurilishi uchun mablag‘ yig‘ishda ham qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Pensilvaniya universiteti uning prezidentlik kutubxonasini joylashtirishdan bosh tortgan, oilaning suratlar va kitoblardan tushadigan daromadi kamaygan, tibbiy xarajatlar esa onkologik davolanish bilan bog‘liq. Hozirda u Delaver universiteti qoshida prezidentlik markazini tashkil etishga harakat qilmoqda, ammo mablag‘ yig‘ish sekin kechmoqda.
Baydenning rafiqasi Jill Bayden esa yiliga 100 ming dollar maosh to‘lanadigan o‘qituvchilik ishidan ketib, ayollar salomatligi bo‘yicha bepul dasturga rahbarlik qilmoqda. Manbalarning ta’kidlashicha, Bayden oilasi hashamatli hayot tarzini yoqtiradi, ayniqsa, xarajatlarni boshqalar ko‘targanida.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSHning sobiq prezidenti Jo Bayden saraton hujayralarini olib tashlash uchun operatsiya qilingandi. Operatsiya teri saratoniga qarshi kurashishda juda samarali hisoblangan “Moosa” usuli yordamida amalga oshirilgan.
Live
Barchasi