Samolyot va vertolyot havoda to‘qnashib ketdi. Qurbon bor (video)

Olam

image

AQSHning Pensilvaniya shtatida Cessna 150 samolyoti shtat politsiyasining Bell 407 vertolyoti bilan to‘qnashib ketdi. Oqibatda samolyot uchuvchisi halok bo‘ldi. Bu haqda “Associated Press” xabar berdi.

 

Hodisa kecha, 19 avgust kuni Filadelfiyadan qariyb 170 kilometr shimoli-g‘arbida joylashgan Karlayl shahridagi kichik aeroport yaqinida sodir bo‘lgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, Cessna 150 samolyoti uchish-qo‘nish yo‘lagiga qo‘nayotgan vaqtda yerga yaqin uchib turgan politsiya vertolyotiga urilgan.

Federal aviatsiya ma’muriyati va Milliy transport xavfsizligi kengashi hodisani havodagi to‘qnashuv sifatida baholagan. To‘qnashuv juda kuchli bo‘lgan. Pensilvaniya shtati politsiyasi komissari vazifasini bajaruvchi podpolkovnik Jorj Bivensning aytishicha, samolyot zarbadan keyin ko‘plab bo‘laklarga parchalanib ketgan.

Vertolyotda bo‘lgan ikki nafar politsiya xodimi esa jarohatlangan. Ulardan biri oynadan chiqib, ikkinchi xodimga ham vertolyotdan chiqishga yordam bergan. Ularning ikkalasi ham tirik qolgan.

Qayd etilishicha, vertolyot hodisa vaqtida mashg‘ulot parvozini amalga oshirayotgan bo‘lgan. Cessna 150 esa odatda o‘quv parvozlarida foydalaniladigan ikki o‘rinli samolyot hisoblanadi.

Hozirda hodisa yuzasidan tergov olib borilmoqda. Mutaxassislar to‘qnashuv qanday sodir bo‘lganini va samolyotning havoga ko‘tarilgan yoki yo‘qligini aniqlamoqda.

“Bugungi voqea oqibati bundan ham og‘ir bo‘lishi, shtat politsiyasi oilasi uchun bu yanada fojiali kunga aylanishi mumkin edi,” dedi gubernator Josh Shapiro.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSHning Yuta shtatida o‘rmon yong‘inini o‘chirish ishlarida qatnashayotgan vertolyot halokatga uchragani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing