Pensilvaniyadagi otishma: 45 yoshli erkak o‘z qarindoshlarini o‘ldirgani ma’lum bo‘ldi
Olam
−
11:11 908 3 daqiqa
Avvalroq, Amerikaning Pensilvaniya shtatida sodir bo‘lgan otishmada 9 kishi halok bo‘lgani haqida xabar berilgan edi. Otishmani 45 yoshli erkak sodir etgani, u o‘z uyida 8 kishini, jumladan, homilador ayol va bolalarni otib o‘ldirgach, o‘z joniga qasd qilgani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda “Associated Press” xabar berdi.
Eri shahri politsiyasi boshlig‘i Rik Loraxning ma’lum qilishicha, erkak joriy yilning 9 oktyabr kuni o‘z uyida 8 kishini otgan. Halok bo‘lganlarning 7 nafari uning qarindoshlari bo‘lgan. Sakkizinchi qurbon esa homilador ayolning do‘sti ekani aytilmoqda.
Tergovchilar qo‘lga kiritgan video va audio yozuvlarda uy ichidan bo‘g‘iq o‘q ovozlari eshitilgani qayd etilgan. 9 oktyabr kuni soat 17:00 ga yaqin ikki ayol uyga kelib, eshikni taqillata boshlagan. Politsiya boshlig‘ining so‘zlariga ko‘ra, ayollar qattiq xavotirlangan holatda bo‘lgan. Shundan so‘ng qurollangan erkak tashqariga chiqib, o‘ziga qarab yugurgan ikki ayolni otgan va yana uyga kirib ketgan.
Politsiya xodimlari voqea joyiga yetib kelganida, ikki ayolning jasadini uy tashqarisida topgan. Maxsus dron va robot yordamida dastlabki tekshiruv o‘tkazilgach, xodimlar uyga kirgan. Birinchi qavatda 5 yoshli bola va 1 yoshli qizaloqning jasadi aniqlangan. Zinapoya qismida yana 2 ayol va 2 nafar yosh erkakning jasadi topilgan. Otishmani sodir etgan erkakning jasadi esa ikkinchi qavatdan aniqlangan.
“Qurbonlar va ularning oilalariga hurmat yuzasidan xodimlarimiz uy ichida nimalarga duch kelganini batafsil aytmayman. Ammo jamoatchilik bu fojianing ko‘lami va uning qurbonlar, ularning yaqinlari hamda butun shahrimizga ko‘rsatgan og‘ir ta’sirini tushunishini istayman”, degan politsiya boshlig‘i matbuot anjumanida.
Lorax jinoyatning sababini ochiqlamagan. Tergovchilar boshqa qarindoshlar bilan suhbatlashish, shuningdek, halok bo‘lgan 2 ayolning mobil telefonlarini tekshirishni rejalashtirmoqda.
“Ular o‘sha uyda nimadir sodir bo‘layotganini bilishgan. Biz buning nima ekanini aniqlashimiz kerak”, degan politsiya boshlig‘i.
Uning qayd etishicha, politsiya o‘q ovozlarini aniqlashga mo‘ljallangan ShotSpotter tizimi orqali xabar kelganidan bir necha daqiqa o‘tib voqea joyiga yetib borgan. Mazkur tizim mikrofonlar tarmog‘i va sun’iy intellekt yordamida o‘q ovozlarini aniqlaydi.
Politsiya maxsus bo‘linmasi voqea joyida shovqinli granatalardan foydalangan. Shu sababli ayrim tovushlar o‘q ovozi sifatida noto‘g‘ri talqin qilingan bo‘lishi mumkin. Politsiya ma’lumotiga ko‘ra, dastlabki hodisadan keyin boshqa o‘q uzilmagan.
Pensilvaniya gubernatori Josh Shapiro Eri shahri meri Darya Devlinga yordam ko‘rsatishga tayyorligini bildirgan. Mer qurbonlarning oilalariga hamdardlik bildirib, butun shahar ular bilan birga qayg‘urayotganini aytgan. Okrug prokurori Elizabet Xirz esa tergov davom etayotgan bir paytda aholini mish-mishlar va tasdiqlanmagan ma’lumotlarni tarqatmaslikka chaqirgan.
“Bu oilalar boshdan kechirayotgan azob-uqubatlarni mish-mishlar, taxminlar yoki tasdiqlanmagan ma’lumotlar bilan yanada kuchaytirmang”, degan u.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSHning Nyu-York shahrida Immigratsiya va bojxona nazorati xizmati (ICE) agentlari maxsus amaliyot vaqtida mashina ichida 5 yoshli bola bo‘lgan erkakni otib, yaralagani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi