Bayden Prezident bo‘lganiga 50 kun to‘ldi. “Oqsoqol” rahbar qisqa vaqtda AQSHga nimalar berdi?

Tahlil

image
0:00
0:00
download

AQSH Prezidenti Jo Bayden joriy yilning 20 yanvar kuni hokimiyatga kelganidan so‘ng, dastlabki 100 ish kunida amalga oshiradigan vazifalarining to‘liq rejasini ma’lum qilgan edi. Iqlim o‘zgarishidan tortib, immigratsiya islohoti va koronavirus pandemiyasigacha bo‘lgan mavzular uning ish rejasidan o‘rin olgandi.

Bugun, 10 mart kuni Bayden AQSH Prezideni lavozimini egallaganiga 50 kun to‘ldi, uning ma’muriyati esa muhim qarorning chig‘iriqdan o‘tishini kutmoqda: koronavirusga qarshi kurashda yordam paketini shakllantirgan 1,9 trillion AQSH dollari miqdoridagi summa Kongress tomonidan tasdiqlanishi kerak. Ushbu qaror loyihasida millionlab amerikaliklarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yordam puli berish, maktablar faoliyatini tiklash va ko‘proq amerikaliklarni emlash kabi Baydenning eng katta saylovoldi va’dalarini bajarish uchun mablag‘ ajratish o‘rin olgan.

Oradan 50 kun o‘tdi. Bayden prezidentligining dastlabki kunlaridayoq saylovoldi dasturining bir qator muhim va’dalarini bajarishda sezilarli yutuqlarga erishdi, boshqa va’dalari esa haligacha qarorni kutmoqda. Quyida ushbu qisqa muddat ichida AQSHning eng keksa Prezidenti tomonidan amalga oshirilgan islohotlar va bajarilgan va’dalar haqida so‘z boradi.

Bajarilgan va’dalar

Bayden prezidentligining ilk haftasidayoq koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashni ustuvor masala sifatida ko‘rdi va bu e’tibor o‘z samarasini berdi. Uning va’dasi: Prezident vazifasiga kirishganining 100-kunida, 100 million amerikalik koronavirusga qarshi vaksina bilan emlangan bo‘lishi kerak edi. Har kuni mamlakat bo‘ylab 2 millionga yaqin amerikalik virusga qarshi emlanmoqda va bu ko‘rsatkich 50 kun ichida 75 millionga yetdi. Ko‘rinib turibdiki, Bayden o‘z va’dasini to‘liq bajarishga juda yaqin turibdi.

Bayden, shuningdek, iqlim siyosatiga oid va’dalarni bajarishda bir necha muhim harakatlarni amalga oshirdi. U inauguratsiya kuni, aniqrog‘i 20 yanvarda “Keystone XL” neft quvuri uchun ruxsatnomani bekor qildi. Gap shundaki, ushbu quvur 1900 km masofaga yotqizilishi va kuniga 800 ming barrel neft tashish quvvatiga ega bo‘lishi kerak edi. Bu juda katta hajm va loyiha. Bugun dunyoda energiya borasida neft, gaz va ko‘mirga qarshi tendensiya boshlangan, aniqrog‘i ekologiyaga yetkazilayotgan zararni kamaytirish maqsadida G‘arb davlatlari “yashil energetika”ga o‘tishni ustuvor vazifa sifatida ko‘rmoqda. Shuning uchun ham “Keystone XL” loyihasi to‘xtatildi.

Bundan tashqari, Arktika milliy yovvoyi tabiat qo‘riqxonasini qurishga chek qo‘yildi va Tramp davridagi atrof-muhit, sog‘liqni saqlash va ilm-fan bo‘yicha qarorlarni qayta ko‘rib chiqish to‘g‘risida farmoyish imzolandi. 

Bayden, shuningdek, Tramp ma’muriyatining iqlim o‘zgarishidan tortib to immigratsiya siyosatiga qadar bo‘lgan barcha harakatlarini qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha farmoyish imzoladi. Dastlab, Bayden ma’muriyati Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti va Parijdagi iqlim kelishuviga qayta qo‘shildi, mamlakat janubidagi Meksika bilan chegarada devor qurilishini to‘xtatdi. Shuningdek, aksariyat musulmon mamlakatlar aholisining sayohatiga cheklovlarni bekor qildi hamda AQSH va Meksika chegarasi ajratgan oilalarni birlashtirish bo‘yicha maxsus guruh tuzdi. 

Immigratsiya borasida Bayden birinchi 100 kun ichida keng qamrovli islohotlar to‘g‘risidagi qonun loyihasini Kongressga yetkazishga va’da bergan edi va ushbu loyiha o‘tgan oy omma e’tiboriga e’lon qilindi. Bayden, shuningdek, Milliy xavfsizlik kotibiga ota-onalari tomonidan AQSHga olib kelingan yosh muhojirlarning himoyasini “saqlash va mustahkamlash” bo‘yicha vazifa qo‘ydi.
 
Bundan tashqari, Bayden ma’muriyatidagi axloqiy me’yorlarni kuchaytirish va’dasini bajarish uchun bir necha harakatlarni amalga oshirdi, shu jumladan 20 yanvar kuni Adliya vazirligining faoliyatiga aralashish, tanish-bilishchilik va sovg‘alar olish kabi harakatlarni taqiqlovachi hujjat imzoladi.

Jarayonda bo‘lib turgan va’dalar

Biroq Baydenning boshqa bir va’dalari ustida ishlash hali yakunlanmagan.

U COVID-19 milliy strategiyasi doirasida fevral oyining oxiriga qadar butun mamlakat bo‘ylab Hukumat tomonidan 100 ta yangi emlash markazlari ochilishini va’da qilgandi. Ayni paytda ma’muriyat hisobida federal Hukumat tomonidan to‘liq nazorat qilinadigan va Pentagon tomonidan joylashtirilgan faol navbatchi xodimlardan iborat 20 ga yaqin ommaviy emlash maskanlari bor. Umuman olganda, Bayden ma’muriyati hozirda kamida 441 emlash joylariga federal yordam ko‘rsatilayotganini ta’kidlamoqda. Ushbu emlash maskanlarining aksariyati yangi emas, ammo ularning deyarli barchasi o‘z imkoniyatlarini qo‘shimcha federal resurslar bilan kengaytirgan.

Immigratsiya masalasida Bayden Tramp ma’muriyatining muhojirlarni fuqarolikka qabul qilish jarayonini soddalashtirish va AQSHda boshpana berish tizimini isloh qilish bo‘yicha “davlat boji” qoidasini bekor qilishga va’da bergan edi. Fevral oyi boshida Bayden imzolagan ijro buyrug‘ida tegishli bo‘limlarga ushbu siyosatni ko‘rib chiqish va 60 kun ichida o‘z tavsiyalari bilan qayta murojaat qilish belgilangan.

Bayden ma’muriyati boshpana berish tizimini isloh qilish uchun bir qator choralarni ko‘rdi, shu jumladan Tramp davridagi AQSHda boshpana izlovchilarning arizalari ko‘rib chiqilayotgan paytda Meksikada kutishlari kerakligini belgilovchi dasturni to‘xtatishga qaror qildi. Ammo Bayden Amerikaning markazay qismidagi boshpana masalasini hal qilish uchun milliardlab dollar mablag‘ sarflashni taklif qilishdan boshqa yechim va reja bera olganicha yo‘q.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Bayden

Baholaganlar

128

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing