Bayden Pentagonga Ukrainaga qurol yetkazib berishni tezlashtirishni buyurdi

Olam

image

AQSHning amaldagi Prezidenti Jo Bayden Rossiyaning Rojdestvo kechasi Ukrainaning energetika infratuzilmasiga hujumini “dahshatli” deb atadi va Pentagonga Kiyevga faol qurol yetkazib berishni davom ettirishni buyurdi. Bu haqda Oq uy matbuot xizmati xabar berdi.

“So‘nggi oylarda Qo‘shma Shtatlar Ukrainaga yuzlab havo hujumidan mudofaa raketalari bilan ta’minladi va yana ko‘p raketalar yo‘lda. Men Mudofaa vazirligiga Ukrainani faol ravishda qurol-yarog‘ bilan ta’minlashni davom ettirishni buyurdim va Qo‘shma Shtatlar Rossiya kuchlariga qarshi mudofaa bo‘yicha Ukraina pozitsiyasini mustahkamlash uchun tinimsiz mehnat qilishda davom etadi", dedi Bayden.

Amerika Prezidentining ta’kidlashicha, Rossiyaning ommaviy hujumidan maqsad "Ukraina xalqini qishda issiqlik va elektr energiyasidan mahrum qilish va mamlakat energetika tizimi xavfsizligiga tahdid solish".

"Ukraina xalqi tinchlik va xavfsizlikda yashashga loyiqdir, AQSH va xalqaro hamjamiyat Ukraina Rossiya agressiyasini mag‘lub etmaguncha uni qo‘llab-quvvatlashda davom etishi kerak", dedi prezidentlik muddati 20 yanvarda tugaydigan 82 yoshli Jo Bayden.

Qayd etish joiz, G‘arb nasroniylari Rojdestvo bayramini nishonlagan 25 dekabr kuni ertalab Rossiya Ukrainani ommaviy o‘qqa tutdi. Rossiya qo‘shinlari Ukraina hududiga 70 dan ortiq ballistik raketalar va 100 ta hujumchi dronlarni uchirdi. 

“Har bir yirik rus zarbasi tayyorlanish uchun vaqt talab etadi. Bu hech qachon spontan qaror emas. Bu nafaqat maqsadlarni, balki vaqt va sanani ham ongli ravishda tanlashdir. Bugun Putin hujum qilish uchun ataylab Rojdestvo bayramini tanladi. Bundan g‘ayriinsoniyroq nima bo‘lishi mumkin?" dedi Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy.

Ukraina energetika vaziri German Galushchenkoning so‘zlariga ko‘ra, Ukrainada elektr energiyasi iste’moliga cheklovlar joriy etilgan.

Eslatib o‘tamiz, Rojdestvo kechasi, 24 dekabr kuni kechqurun Krivoy Rogga raketa zarbasi berilgan, buning oqibatida Ukraina favqulodda vaziyatlar davlat xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, bir kishi halok bo‘lgan, yana 17 kishi, jumladan, ikki bola yaralangandi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Rossiya Ukraina Jo Bayden

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing