Bayden Pentagon pudratchilariga Ukrainada ishlashga ruxsat beradi
Olam
−
09 noyabr
30972025 yil yanvarida Oq uyni tark etadigan AQSH Prezidenti Jo Bayden ma’muriyati mudofaa bo‘yicha pudratchilarning Ukrainada ishlashiga qo‘yilgan taqiqni bekor qilmoqda. Bu haqda kecha, 8 noyabr kuni kechqurun “Reuters” va CNN telekanallari xabardor manbalarga tayanib, mustaqil ravishda xabar berdi.
Xabarlarda aniqlik kiritilishicha, pudratchilarning vazifasi Pentagon tomonidan Kiyevga yetkazib beriladigan zamonaviy qurollarni ta’mirlash va texnik xizmat ko‘rsatishdan iborat bo‘ladi.
“Bu Kiyevga Rossiyaga qarshi kurashda yordam berishga qaratilgan siyosatda sezilarli o‘zgarishlarni anglatadi”, deya xabar beradi “Reuters”.
Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, bunday pudratchilar kam bo‘lishi, ular front chizig‘idan uzoqda joylashtirilishi va jangovar harakatlarda qatnashmasligi rejalashtirilgan.
CNN telekanali Pentagondagi ismi oshkor etilmagan suhbatdoshining so‘zlaridan shunga o‘xshash ma’lumotni tarqatdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, yangi normalar Oq uy tomonidan noyabr oyi boshida, prezidentlik saylovlari oldidan tasdiqlangan.
2022 yilning fevral oyida Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bostirib kirishi boshlanganidan beri Qo‘shma Shtatlar Kiyevga o‘nlab milliard dollarlik qurol-yarog‘ o‘tkazdi. Biroq shu paytgacha Amerika harbiy texnikasini ta’mirlash uchun Ukrainadan tashqariga olib o‘tish kerak edi. Yoki ukrainalik mexaniklar onlayn konferensiya orqali amerikaliklardan ko‘rsatmalar olib ishladi. Zamonaviy Patriot havo mudofaa tizimlari va F-16 qiruvchi samolyotlari kabi qurollar Ukrainaga topshirilgandan so‘ng ta’mirlash ba’zan juda sekin sur’atlarda olib borildi.
“Reuters” suhbatdoshining ta’kidlashicha, Ukrainada G‘arb harbiy texnikasi shikastlanganidan keyin ko‘pincha foydalanish to‘xtatilgan. O‘z navbatida, uchinchi manbaning ta’kidlashicha, avval Ukrainada AQSH Davlat departamenti yoki AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi bilan shartnoma tuzgan pudratchilar ishlashi mumkin edi. Endi AQSH Mudofaa vazirligi bilan shartnoma tuzgan pudratchilar ham bu huquqqa ega bo‘ladi.
Amerika qo‘shinlari Ukrainaga boradigan pudratchilarni himoya qilishda ishtirok etmasligi ko‘rsatilgan. Pentagon bilan shartnoma imzolagan kompaniyalar ularning xavfsizligi uchun javobgar bo‘ladi.
Ayni paytda, “Reuters” va CNN xabarlarida qayd etilganidek, 2025 yilning 20 yanvarida lavozimga kirishadigan AQSHning saylangan prezidenti Donald Tramp bu siyosatni davom ettiradimi yoki yo‘qmi, aniq emas. Avvalroq u saylangan taqdirda Ukrainadagi urushni “24 soat ichida” tugatishi mumkinligini aytgan edi.
LiveBarchasi