Bayden “Milton” to‘foni qancha zarar keltirganini ochiqladi
Olam
−
12 Oktabr
7841Floridani qamrab olgan “Milton” to‘fonidan ko‘rilgan zarar taxminiy hisob-kitoblarga ko‘ra 50 milliard dollarga baholanmoqda. Bu haqda AQSH Prezidenti Jo Bayden ma’lum qildi.
Baydenning ta’kidlashicha, ekspertlarning dastlabki hisob-kitoblari va zararning yakuniy miqdori 50 milliard dollardan ko‘proq yoki kamroq bo‘lishi mumkin. Prezident, shuningdek, tabiiy ofatdan jabr ko‘rganlarga hamdardlik bildirdi va amerikaliklar o‘z uylariga qaytishlari uchun hamma narsani qilishga va’da berdi.
Bayonotda aytilishicha, bu oxirgi uch oy ichida Florida shtatida sodir bo‘lgan uchinchi yirik to‘fondir. Ushbu to‘fon oqibatida 3 milliondan ortiq odam elektrsiz qolgan. 16 kishi halok bo‘lgan.
Ma’lumot uchun, 9 oktyabr kuni Florida shtatiga “Milton” to‘foni yopirilgan. Uning maksimal tezligi soatiga 160 kilometrdan oshdi. U 125 ga yaqin uyni vayron qildi va elektr ta’minotida keng miqyosda uzilishlarga sabab bo‘ldi, 2,6 milliondan ortiq odam elektr energiyasiz qoldi. Tabiiy ofat arafasida 5 milliondan ortiq odam evakuatsiya qilingan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Floridada “Milton” to‘fonidan so‘ng alligatorlar uylarga kirib olgandi.