Bayden Kiyevga Rossiyadagi nishonlarga AQSH qurollari bilan zarba berishga yashirincha ruxsat berdi
Olam
−
31 may
5564AQSH Prezidenti Jo Bayden Kiyevga Rossiya hududini o‘qqa tutish uchun Amerika qurollaridan foydalanishga yashirin ruxsat berdi. Bu haqda ma’muriyat vakillariga tayanib, "Politico" xabar berdi.
"Prezident Bayden o‘z maslahatchilari va asosiy ittifoqchilarining bosimi ostida Ukrainaga AQSHda ishlab chiqarilgan qurollardan foydalangan holda Rossiya ichida cheklangan zarbalar berishga ruxsat berdi va bu Ukraina uchun urushda yangi sahifa bo‘lishi mumkin", deydi AQSH ma’muriyati rasmiylaridan biri.
Bu qaror Kiyevga Rossiya hududiga zarba berish uchun Amerika qurollaridan foydalanishga ruxsat berishdan qat’iy bosh tortgan Bayden siyosatidagi o‘zgarishlarni ko‘rsatdi.
“Prezident yaqinda o‘z jamoasiga Ukrainaga Xarkov viloyatidagi hujumlarga qarshi turish uchun Amerika qurollaridan foydalanish imkonini berishni buyurdi, toki Ukraina ularga hujum qilayotgan yoki hujum qilishga tayyorlanayotgan Rossiya kuchlariga javob qaytara olsin”, deydi yana bir manba.
AQSH rasmiylarining aytishicha, siyosat o‘zgarishi 30 maydan kuchga kirgan. Biroq bu faqat Xarkovga chegaradosh Rossiya hududlariga AQSH qurollari bilan zarba berish mumkinligini anglatadi.
"Rossiyada ATACAMS tizimlaridan foydalanishni yoki uzoq masofali zarbalarni taqiqlash bo‘yicha siyosatimiz o‘zgarmadi", deydi manba Ukrainaga berilgan va Rossiya hududiga chuqur kirib borishga qodir bo‘lgan artilleriya tizimiga ishora qilib.
Qayd etish joizki, NATO ittifoqchilari Qo‘shma Shtatlarni Ukrainaga Moskvaning shu oy Xarkovga boshlagan hujumida ishtirok etgan Rossiya ichidagi raketa ob’ektlari va boshqa harbiy ob’ektlarga zarba berish uchun G‘arb qurollaridan foydalanishga ruxsat berishga chaqirayotgan edi.
Baydenning qarori haqidagi mish-mishlar Pentagon AQSHning Rossiyada Amerika qurollaridan foydalanishga qarshi siyosati o‘zgarishsiz qolganini aytganidan ko‘p o‘tmay paydo bo‘ldi.
“Ukrainaga ko‘rsatayotgan xavfsizlik yordamimiz Ukraina ichida qo‘llanilishi kerak. Va biz hujumlarni rag‘batlantirmaymiz yoki Rossiyaga zarba berishga ruxsat bermaymiz ", degan edi Pentagon matbuot kotibi Sabrina Singx.
LiveBarchasi