Bayden XJSning Netanyaxuni hibsga olish haqidagi orderiga munosabat bildirdi
Olam
−
22 noyabr
16348AQSH Prezidenti Jo Bayden Xalqaro jinoiy sudning Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu va sobiq mudofaa vaziri Yoav Galantni hibsga olish uchun order berganini “g‘azabnok” deb atadi. Bu haqda kecha, 21 noyabr kuni Bayden ma’muriyati bayonot berdi.
“Xalqaro jinoyat sudining Isroil rahbarlariga nisbatan hibsga olish uchun order bergani g‘oyat g‘ayritabiiydir. Yana bir bor aniq aytib o‘taman: XJS nima demasin, Isroil va HAMAS o‘rtasida tenglik yo‘q. Biz tahdidlarga qarshi doimo Isroil bilan birga bo‘lamiz”, deyiladi Oq uy matbuot xizmati tomonidan e’lon qilingan hujjatda.
Baydendan oldin AQSH Milliy Xavfsizlik Kengashi Qo‘shma Shtatalar XJSning hibsga olish uchun order berish borasidagi shoshqaloqligi va bu qarorga olib kelgan muammoli protsessual xatolaridan qattiq xavotirda ekani haqida bayonot bergan edi.
Isroil ham, AQSH ham XJS yurisdiksiyasini tan olmaydi. Sudning o‘z “politsiyasi” bo‘lmagani uchun Rim statutiga a’zo bo‘lgan 124 davlat uning qarorlari ijrosi uchun mas’uldir.
Ayni paytda Yevropa Ittifoqining Tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel Binyamin Netanyaxu va Yoav Galantning XJS orderlariga muvofiq hibsga olinishi majburiy qaror ekanini aytgan.
“Bu siyosiy qaror emas va sud qarori hurmat qilinishi hamda amalga oshirilishi kerak”, degan Borrel Iordaniyadagi matbuot anjumanida.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xalqaro jinoiy sudning (XJS) sudgacha bo‘lgan palatasi Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu va mamlakatning sobiq mudofaa vaziri Yoav Galantni hibsga olishga order bergandi. Qaror 2023 yil 8 oktyabrdan 2024 yil 20 maygacha sodir etilgan “insoniyatga qarshi jinoyatlar va urush jinoyatlari” tufayli qabul qilindi. Isroil Prezidenti Isxak Gersog ushbu qarorga munosabat bildirdi va uni “adolat uchun qora kun” deb atadi. Gersogning iddao qilishicha, mazkur qaror demokratiya va erkinlik o‘rniga terror va yovuzlik tarafini tanlashni anglatadi.
Rim statutini ratifikatsiya qilgan davlatlar XJS buyrug‘ini bajarishlari shart. XJS ma’lumotlariga ko‘ra, sud Binyamin Netanyaxu va Yoav Galant G‘azo sektoridagi “tinch aholini omon qolish uchun zarur bo‘lgan suv, dori-darmon, oziq-ovqat, tibbiy buyumlar, yoqilg‘i va elektr energiyasidan ataylab mahrum qilgan” deb ishonish uchun asosga ega.
LiveBarchasi