Bayden Qatar Amiri bilan G‘azodagi asirlar masalasini gaplashdi
Olam
−
27 dekabr 2023
4229Kecha, 26 dekabr kuni AQSH Prezidenti Jo Bayden Qatar Amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniyga qo‘ng‘iroq qilib, G‘azo sektoridagi vaziyat va Falastin-Isroil mojarosini hal qilish borasidagi sa’y-harakatlarni muhokama qildi. Bu haqda Qatarning QNA axborot agentligi xabar berdi.
“Telefon muloqoti chog‘ida tomonlar Falastin anklavida doimiy o‘t ochishni to‘xtatishga erishish uchun qo‘shma vositachilik sa’y-harakatlarini muhokama qilgan”, deyiladi xabarda.
Bundan tashqari, Qatar Amiri va AQSH Prezidenti ikki tomonlama munosabatlarga oid masalalar, mintaqaviy va xalqaro kun tartibining ayrim jihatlari borasida fikr almashgan.
Oq uy matbuot xizmati tarqatgan bayonotga ko‘ra, Bayden telefon suhbatida HAMAS tomonidan asirga olinganlarni ozod qilish va G‘azo sektoriga gumanitar yordam jo‘natish bilan bog‘liq masalalarni muhokama qilgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 22 noyabr kuni HAMAS Misr va Qatar vositachiligida Isroil bilan G‘azo sektorida to‘rt kunlik gumanitar sulh bo‘yicha kelishuvga erishgan va u 24 noyabrda kuchga kirgandi. Tomonlar o‘t ochishni to‘xtatishni bir necha bor uzaytirdi, biroq 1 dekabr kuni ertalab Isroil armiyasi HAMASni sulhni buzganlikda aybladi va G‘azoda yana jangovar harakatlarga kirishayotganini e’lon qildi.
LiveBarchasi