Bayden Isroilga qarshi hujumlarni moliyalashtirgan – kongressmen
Olam
−
11 Oktabr 2023 11142 3 daqiqa
Texas shimoliy okrugi sudi AQSH Kongressi a’zosi Ronni Jeksonning petitsiyasini qanoatlantirdi. U AQSH hukumati G‘azo sektoriga mablag‘ yo‘naltirish orqali HAMAS harakatining rivojlanishiga hissa qo‘shganini ta’kidladi. Bu haqda kongressmen o‘zining X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida ma’lum qildi.
"Katta g‘alaba! Shu yilning boshida men Bayden ma’muriyatini noqonuniy va bila turib Falastin terrorini moliyalashtirgani uchun sudga bergan edim. Bugun AQSH okrug sudi sudyasi tergov boshlash haqidagi iltimosimizni qondirdi. Bayden Isroilga qilingan qonli hujumlarni to‘liq moliyalashtirdi. Bu uning aybi”, deb yozgan kongressmen.
Shuningdek, u o‘z posti ostiga AQSH Prezidenti asosiy ayblanuvchi sifatida ko‘rsatilgan sud qarori matnini ilova qilgan.

“America First Legal” NNT ham Ronni Jeksonni qo‘llab quvvatlagan. Tashkilot bayonotida Prezident Bayden bilan birga Davlat kotibi Entoni Blinken ham sudga berilgani aytilgan.
“Bugun, HAMASning vahshiyona hujumlaridan so‘ng - 14 amerikalik va 1000 dan ortiq boshqa begunoh erkaklar, ayollar va bolalar o‘ldirilgan va noma’lum sonli amerikaliklar G‘azoda garovga olingan. Texasning Shimoliy okrugi bo‘yicha AQSH okrug sudi bizning iltimosimizni qondirdi”, deyiladi bayonotda.
Isroil-Falastin
Joriy yilning 7 oktyabr kuni ertalab G‘azo sektoridan Isroil hududiga raketa hujumi boshlandi. Keyinchalik HAMAS Isroilga qarshi “Al-Aqso to‘foni” harbiy operatsiyasi boshlaganini e’lon qildi. Isroil Mudofaa kuchlari esa bunga javoban “Temir qilichlar” “aksilterror operatsiyasi”ni boshladi.
Shundan so‘ng, Bosh vazir Binyamin Netanyaxu isroilliklarga murojaat bilan chiqib, mamlakatda sodir bo‘layotgan voqealar harbiy operatsiya emas, balki to‘laqonli urush ekanini aytdi. 9 oktyabr kuni Isroil Mudofaa vaziri Yoav Galant Isroil harbiylari G‘azo sektorini keng ko‘lamli blokadaga kirishayotganini ma’lum qildi. U G‘azo sektorida elektr, oziq-ovqat, yoqilg‘i bo‘lmasligini, hamma narsa yopilishini aytdi.
Shuningdek, Isroil G‘azo sektoridagi Al-Yarmuk, Al-Emin Muhammad, Ahmad Yasin, Muhammad El-Habib, Es-Susi va Al-G‘arbi masjidlariga zarba berdi. Bu orada Amerika Qo‘shma Shtatlari G‘azo sektori atrofidagi keskinlik fonida “Eronni jilovlash uchun” Yaqin Sharqqa qo‘shimcha 20-25 ta F-35 va F-15 qiruvchi samolyotlarini yuborishi ma’lum bo‘ldi. Germaniya esa Falastin hududlaridagi gumanitar loyihalar uchun avval tasdiqlangan mablag‘larni ajratishni to‘xtatdi.
Venesuela Prezidenti Nikolas Maduro esa Isroilni Falastin xalqini qirg‘in qilishda ayblab, zudlik bilan tinchlik muzokaralarini boshlash va Falastinning hududiy huquqlarini kafolatlovchi BMT rezolyutsiyalarini amalga oshirishga chaqirdi. Rossiya Prezidenti Vladimir Putin ham mustaqil suveren Falastin davlatini yaratish zarurligini aytib o‘tdi. Shuningdek, u Isroil va HAMAS o‘rtasidagi qurolli to‘qnashuvlarni AQSH siyosati muvaffaqiyatsizligining yaqqol misoli deb atadi. Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy esa Yaqin Sharqdagi bu mojarodan Rossiya manfaatdorligini ta’kidladi.
So‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, qurolli to‘qnashuvlar oqibatida 900 nafar falastinlik halok bo‘lgan, ularning yarmiga yaqini ayollar va bolalar. Isroil tomonidan qurbon bo‘lganlar esa ming nafarga yetgan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq AQSH Qurolli kuchlari shtab boshliqlari birlashgan qo‘mitasi raisi Charlz Braun Eronni Isroildagi mojaroga aralashishi oqibatlaridan ogohlantirgandi. NBC telekanali esa Amerika ma’muriyati Ukraina uchun qo‘shimcha moliyalashtirish va Isroilga yordam so‘rovlarini birlashtirish imkoniyatini ko‘rib chiqayotganini xabar qildi. Oq uy Milliy xavfsizlik kengashining strategik aloqalar bo‘yicha koordinatori Jon Kirbi esa AQSH Isroil va Falastin o‘rtasidagi to‘qnashuvlarda ishtirok etish uchun qo‘shin yuborish niyatida emasligi, biroq Isroilga harbiy yordam yetkazib berishni boshlagan va yaqin kunlarda qo‘shimcha mablag‘ ajratilishini aytdi.