Bayden Germaniyaga safarini qoldirdi
Olam
−
08 Oktabr
5745AQSH Prezidenti Jo Bayden Amerika qirg‘oqlariga yaqinlashayotgan “Milton” to‘foni tufayli Germaniya va Angolaga rejalashtirilgan safarlarini kechiktirishga qaror qildi. Bu haqda Oq uy matbuot kotibi Karin Jan-Per ma’lum qildi.
Jan-Perga ko‘ra, Prezident “Milton”ga tayyorgarlikni shaxsan nazorat qilish va uning yaqinlashishiga qarshi choralarni muvofiqlashtirish, shuningdek, yaqinda janubi-sharqiy shtatlarga urilgan “Helen” dovulining oqibatlarini bartaraf etish ishlarini davom ettirish uchun safarlarni bekor qilgan.
Qayd etilishicha, “Ramshteyn” formati doirasida Ukrainani himoya qilish bo‘yicha aloqa guruhi yig‘ilishi 12 oktyabrga rejalashtirilgan va Bayden ushbu yig‘ilishga rahbarlik qilishi kerak edi. Shuningdek, u Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy, Germaniya kansleri Olaf Shols, Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron va Buyuk Britaniya Bosh vaziri Kir Starmer bilan uchrashuvlar o‘tkazishni rejalashtirgan edi. Bundan tashqari, Germaniyadan keyin, 13–15 oktyabr kunlari Baydenning Angola Prezidenti Joau Lourensu bilan muzokaralar o‘tkazish uchun Angolaga safar qilishi rejalashtirilgandi.
“Biz ushbu tashrif bekor qilinganidan afsusdamiz, lekin, albatta, Floridadagi vaziyatni tushunamiz. Oq uy bizni oldindan xabardor qildi”, dedi Germaniya hukumati vakili Shteffan Xebeshtrayt.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH janubi-sharqiga “Helen” to‘foni yopirilgani xabar qilingan edi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra to‘fon oqibatida qurbon bo‘lganlar soni 232 nafarga yetgan.
LiveBarchasi