Bayden arman genotsidi masalasida Erdo‘g‘anni ogohlantirdi
Olam
−
24 aprel 2021
9611AQSH Prezidenti Jo Bayden kecha, 23 aprel kuni Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an bilan telefon orqali suhbat o‘tkazdi. Bu haqda "Bloomberg" xabar bergan.
Suhbat davomida Bayden XX asr boshlarida Usmonli imperiyasida armanlarning qirg‘in qilinishini genotsid deb tan olishini ma’lum qilgan. Bayden bugun, 24 aprel kuni bu masala bo‘yicha bayonot berishi kutilmoqda.
Ma’lumki, har yili ushbu sanada Armanistonda arman genotsidi qurbonlarini xotirlash kuni nishonlanadi.
Qayd etilishicha, Amerika rahbari Usmonli imperiyasida 1915 yil sodir bo‘lgan voqealar haqidagi nutqi paytida “genotsid” so‘zini ishlatishi kutilmoqda.
Oq Uy matbuot xizmatiga ko‘ra, telefon orqali suhbat chog‘ida Bayden va Erdo‘g‘an iyun oyida bo‘lib o‘tadigan NATO sammiti doirasida ikki tomonlama uchrashuv o‘tkazishga ham kelishib olgan.
Eslatib o‘tamiz, AQSH Prezidenti Jo Bayden XX asr boshlarida Usmonli imperiyasida armanlarning qirg‘in qilinishini rasman tan olmoqchi ekani haqida xabar berilgan edi.
Undan so‘ng, Armaniston Prezidenti Armen Sarkisyan Baydenni yangi genotsidlarning oldini olishga sodiqligini tasdiqlashga chaqirib, unga maktub yo‘llagandi.
Turkiya Prezidenti Erdo‘g‘an esa Turkiya arman genotsidi to‘g‘risida yolg‘on gapirayotganlardan haqiqatni himoya qilishini aytdi.
Ma’lumot o‘rnida, 2019 yil 12 dekabrda AQSH Kongressi Senati arman genotsidini rasman tan olish va xotirlash zarurligi to‘g‘risida qaror qabul qilgan. Usmonli imperiyasida armanlarni qirg‘in qilish faktini 23 ta davlat tan olgan. Turkiya an’anaviy ravishda tegishli ayblovlarni rad etib keladi.
1915 yil 24 aprel kuni arman genotsidining boshlanish sanasi hamda shu kuni Istanbuldagi arman elitasi vakillari qo‘lga olingani va o‘ldirilgani ta’kidlanadi. Keyingi oylarda esa bu qirg‘in G‘arbiy Armanistonda davom etib, 1915 yilning iyun oyida yakunlangani qayd etilgan. Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, 1915-1923 yillarda 1,5 mln arman o‘ldirilgan.
LiveBarchasi