Erdo‘g‘anga hurmatsizlik, samolyotdagi jang va Qirg‘izistonning sun’iy yo‘ldoshi
Tahlil
−
17:00 941 16 daqiqa
Dubaydan uchgan samolyot kabinasida qonli to‘qnashuv! Ikkinchi uchuvchi uchoq kapitanini o‘ldirib, samolyotni Isroildagi osmonoo‘par bino ustiga qulatmoqchi bo‘lgani aytilmoqda. Ammo baxtli tasodifni qarangki, havo kemasida isroillik doktorlar va zaxira uchuvchilari bo‘lgan ekan!
Zelenskiy Kiyevdan qochib ketishi mumkin. Siyosiy tahlilchi shunday demoqda. Biroq Ukraina prezidenti o‘z davlatida ballistik raketa ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygani bilan maqtanmoqda. Xo‘sh, kimning gapiga ishonasiz?
Erdo‘g‘anga nisbatan ochiq hurmatsizlik. Turkiya prezidenti nutq so‘zlayotganida muxolifatchilar oshkora zalni tark etdi. “Kimnidir eshitib turishga vaqtimiz yo‘q”, dedi ular. Anqarada siyosiy ziddiyatlar avj olyapti.
Rossiya inson aralashuvisiz – to‘liq avtomatik rejimda butun dunyoni yo‘q qila oladigan “O‘lik qo‘l” tizimini yangiladi! Mamlakat rahbariyati halok bo‘lgan taqdirda ham, yadroviy raketalar qasos olish uchun o‘z-o‘zidan uchadi.
Samolyotdagi qonli jang
Joriy yilning 30 sentyabr kuni Yaqin Sharq aviatsiya tarixida va mintaqaviy siyosatda kamdan-kam uchraydigan, murakkab hamda ko‘plab savollarni keltirib chiqargan hodisa yuz berdi. Dubaydan Tel-Avivga yo‘l olgan Flydubai aviakompaniyasining Boeing 737 MAX 8 samolyotida, uchuvchilar xonasida qonli jang bo‘lgan. 174 nafar yo‘lovchi, jumladan 27 nafar bola va ekipaj a’zolari bo‘lgan layner kutilmaganda pastga qulashni boshlagan. Odamlar qo‘rqib ketgan, baqir-chaqir boshlangan, ammo shu paytda ham hammasini telefoniga yozib olganlar bo‘lgan.
Parvoz boshlanganidan taxminan bir yarim soat o‘tgach, samolyot dastlab xalqaro aviatsiyada umumiy favqulodda holatni bildiruvchi 7700 kodini uzatgan. Biroq oradan bir necha daqiqa o‘tar-o‘tmas, bortdan 7500 kodi – ya’ni samolyotni noqonuniy egallab olish yoki olib qochish holatini anglatuvchi signal berilgan. Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, samolyot juda qisqa vaqt ichida – bor-yo‘g‘i 37 soniya ichida taxminan 4,6 ming metr balandlikni yo‘qotgan va keskin pastlay boshlagan. Signal va balandlikning birdan tushib ketishi ortidan isroil Harbiy-havo kuchlari zudlik bilan harakatga kelib, harbiylar ehtimoliy teraktning oldini olish maqsadida qiruvchi samolyotlarni havoga ko‘tardi. isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu va Mudofaa vaziri Israel Kats zudlik bilan favqulodda maslahatlashuvlar o‘tkazishga majbur bo‘ldi.
Voqea joyidan va manbalardan olingan dastlabki xabarlar axborot makonida biroz chalkashlik va hatto siyosiy manipulyatsiyalarga sabab bo‘ldi. Dastlabki xabarlarda uchuvchilar Rossiya va Ukraina fuqarolari ekani haqida asossiz da’volar tarqaldi. Masalan, rossiyalik targ‘ibotchi Vladimir Solovyov o‘z Telegram-kanalida: “Ikkinchi uchuvchi – ukrainalik rossiyalik kapitanga bir necha bor pichoq jarohati yetkazdi”, deb yozib, vaziyatdan siyosiy ochko ishlashga urindi. Biroq tez orada bu ma’lumotlar mutlaqo yolg‘on ekani tasdig‘ini topdi.
Keyinchalik “Ynet”, “Walla” hamda “The Telegraph” kabi yetakchi xalqaro va Isroil nashrlari tarqatgan rasmiy hamda aniqlashtirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, samolyot kapitani Hindiston fuqarosi Smit Machchxar bo‘lgan, unga hujum qilgan ikkinchi uchuvchi esa Oman fuqarosi ekani ma’lum bo‘ldi. Isroil maxsus xizmatlari va “The Telegraph” nashri suhbatlashgan 3 ta manbaning ta’kidlashicha, ikkinchi uchuvchi samolyot boshqaruvini egallab olib, uni Tel-Avivdagi osmonoo‘par binolardan biriga urishni hamda bortdagi 150 nafarga yaqin isroillik yo‘lovchilar bilan birga halokatga uchratishni rejalashtirgan. 2001 yil 11 sentyabr voqealarini eslatyaptimi sizga ham?
Kabina ichida sodir bo‘lgan qonli to‘qnashuv tafsilotlarini esa Kapitan Smit Machchxar keyinchalik Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi bilan videomuloqot chog‘ida ochdi:
“O‘sha paytda men o‘z hayotim uchun kurashayotgan edim. Juda og‘ir jarohat olganimdan yiqilib tushdim. Xayolimdan: “Agar qaytib oyoqqa tura olmasam-chi?” degan fikr o‘tdi. Polda yotganimda samolyot pastga sho‘ng‘iyotganini his qildim. Buning nima bilan yakunlanishini aniq tushunib turardim. Meni kaltaklashda davom etayotganiga qaramay, shunchaki eshikni ochdim. Shunda ichkariga boshqalar kirib kelishdi”.
17 yillik parvoz tajribasiga ega bo‘lgan kapitan Machchxarga cho‘ntak pichog‘i bilan og‘ir jarohat yetkazilgan. Unga bortda bo‘lgan isroillik shifokorlar yordam bergan. Samolyot boshqaruvini esa ushbu reysda yo‘lovchi sifatidagi va kelgusi reysni bajarishi kerak bo‘lgan zaxiradagi ikki nafar uchuvchi o‘z qo‘liga olib, laynerni Saudiya Arabistonining Tabuk aeroportiga xavfsiz qo‘ndirishga muvaffaq bo‘ldi.
Zo‘r tasodif-a? Bir uchuvchi yaralanar ekanu, lekin bortda ham shifokor, ham hamshira bo‘lib, uning hayotini saqlab qoladi. Biri qo‘lga olingani, ikkinchisi jarohatlangani uchun uchuvchisiz qolgan samolyotda yo‘lovchi bo‘lib ketayotgan boshqa uchuvchilar ham bo‘lib, vaziyatni nazoratga olar ekan. Ha, bir qarashda shubhalanishga arziydigandek ma’lumot. Ammo dunyo aviatsiya tajribasida uzoq masofali safarlarga bir tomonga boshqa uchuvchilar, qaytishga esa boshqa ekipaj a’zolari jalb qilinishi allaqachon odatga aylangan.
Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu “Fox News” telekanaliga bergan intervyusida ushbu hujumchini zararsizlantirishda jonbozlik ko‘rsatgan fuqaro oddiy santexnik ekanini alohida ta’kidlab o‘tdi. Samolyot Tabuk aeroportiga qo‘ngach, Saudiya Arabistoni huquq-tartibot idoralari hujumchi – Oman fuqarosini hibsga oldi hamda keyinchalik uni BAAga topshirdi. Hozirda unga nisbatan terrorizm moddasi bo‘yicha tergov olib borilmoqda. BAA Prezidentining diplomatik masalalar bo‘yicha maslahatchisi Anvar Gargash sodir bo‘lgan voqeani rasman “xavfli terrorchilik harakati” deb baholadi. Isroil Mudofaa vaziri Israel Kats esa voqeani “jihodga urinish” deb atadi. Shunga qaramay, Flydubai aviakompaniyasining rasmiy vakillari tergov yakunlanmagunicha barvaqt xulosalar chiqarmaslikka chaqirmoqda.
Erdo‘g‘an nutqi tinglanmadi
Turkiyaning qizg‘in siyosiy sahnasida navbatdagi keskinlik. Muxolifat Erdo‘g‘anning nutqini tinglashni xohlamay, prezident so‘zlayotganida zalni tark etdi. Joriy yilning 1 oktyabr kuni Turkiya Buyuk Millat Majlisi 28-chaqiriq 5-qonunchilik yilining ochilishi munosabati bilan o‘z ishini rasman boshladi. Anqaradagi parlament binosida soat 14:00 da Majlis raisi No‘mon Kurtulmushning yangi konstitutsiya yaratish zarurati va mamlakatdagi jamg‘arma inqiroziga oid ma’ruzasi bilan boshlangan yig‘ilish keyinchalik muxolifatchilarning oshkora siyosiy kurash maydoniga aylandi.
Voqealar rivoji mamlakat Prezidenti Rejep Tayip Erdo‘g‘an ma’ruza qilish uchun minbarga taklif etilganida keskin tus oldi. Minbarga Erdo‘g‘an ko‘tarilayotgan paytda “Yangi partiya” (Yeni Parti), “Yaxshi partiya” (İYİ Parti) hamda “Respublika xalq partiyasi” (Cumhuriyet Halk Partisi) deputatlari o‘rinlaridan turmay, unga nisbatan o‘zlarining e’tirozli pozitsiyasini namoyish etdi. Istiqlol marshi (Mustaqillik madhiyasi) o‘qilib, sukut saqlash marosimi poyoniga yetgach, Erdo‘g‘an o‘z nutqini boshlamoqchi bo‘lgan soniyalarda O‘zgur O‘zel boshchiligidagi “Yangi partiya” deputatlari birin-ketin zalni tark eta boshladi. Erdo‘g‘an minbarda turgancha bir muddat “Yangi partiya” saflaridagi o‘rindiqlar bo‘shab qolishini jim kuzatishga majbur bo‘ldi, ushbu noqulay sukunatni esa hukmron “Adolat va taraqqiyot partiyasi” (Adalet ve Kalkınma Partisi) safidan yangragan qarsaklar bosib ketishga urindi.
Aslida, bu kabi keskin qadamni parlament zalidagi ko‘pchilik kutmagan edi. Bo‘lib o‘tgan voqeadan bir kun avval, ya’ni 30 sentyabr kuni O‘zgur O‘zel “Medyascope” nashriga bergan intervyusida bosiqroq bayonot bergan va parlament ochilishini shunchaki ishtirok bilan cheklashini qayd qilgan edi:
Ertaga Majlisdagi o‘zimizning o‘rnimizni egallaymiz, majlisda ishtirok etamiz. So‘ngra hamkasblarimiz o‘z saylov okruglaridagi dasturlar uchun jo‘nab ketishadi”, degan edi u.
Zalni tark etayotgan vaqtda jurnalistlarning savollariga javob bergan O‘zgur O‘zel mazkur qarorining sabablarini ochiq va qat’iy ohangda tushuntirib o‘tdi. U mamlakatda sud tizimi va mahalliy hokimiyat organlariga nisbatan tazyiqlar o‘tkazilayotganini ta’kidladi:
“Asosiy muxolifat partiyasi sifatida Majlis ochilishida ishtirok etdik, Majlis raisining nutqini tingladik, Istiqlol marshimizni o‘qidik. Bundan buyon partiyamizga nisbatan sud to‘ntarishini amalga oshirib, partiya bosh raisi va rahbariyatini o‘zgartirib, o‘rniga o‘ziga ma’qul bo‘lgan tayinlovni bajargan, prezidentlikka nomzodimizni qamoqqa tashlagan, bugun ertalab Turkiya shahar hokimliklari uyushmasi saylovlarida g‘alaba qozonish uchun aybsiz va gunohsiz Mersin shahar hokimiga qarshi operatsiya uyushtirgan kimnidir eshitishga sarflaydigan vaqtimiz yo‘q”, dedi u.
Mazkur bayonotdan so‘ng O‘zel parlament binosida o‘z partiyasining Markaziy ijroiya kengashini favqulodda yig‘ilishga to‘pladi.
Xalqaro va mahalliy kuzatuvchilarning ta’kidlashicha, O‘zgur O‘zelning bu xatti-harakati uning o‘tmishdagi siyosiy taktikasining davomi hisoblanadi. Aslida O‘zel “Respublika xalq partiyasi” yetakchisi sifatida 2025 yilda ham Majlisning ochilish marosimini boykot qilgan va bu qadami turk siyosiy jamoatchiligida keng bahslarga sabab bo‘lgan edi. Endilikda esa u “Yangi partiya” rahbari sifatida yangi qonunchilik yilini yana bir bor Erdo‘g‘an hukumatiga qarshi ochiq protest bilan boshladi. Muxolifat vakillarining fikricha, hukumat sud tizimidan foydalanib, muxolif partiyalarning ichki ishlariga aralashmoqda va mahalliy o‘z-o‘zini boshqarish organlariga, xususan Mersin shahar hokimligiga nisbatan bosim o‘tkazmoqda.
Turkiyada Erdo‘g‘an boshchilik qiladigan Hukmron partiya parlamentda yangi konstitutsiya islohotlarini ilgari surishga urinyapti. Tabiiyki, bu muxolifat tomonidan “o‘z-o‘ziga sharoit hozirlash” sifatida yomon baholanadi. Bu esa Anqarada yaqin oylarda qonun chiqaruvchi organdagi bahslar yanada shiddatli va murosasiz kechishi aniq degani.
Ukraina atrofida harbiy girdob
Joriy yilning sentyabr oyi oxiri va oktyabr oyi boshiga kelib, Ukraina atrofidagi harbiy va geosiyosiy vaziyat bir vaqtning o‘zida ham front chizig‘ida, ham xalqaro diplomatiya sahnasida o‘ta keskin va murakkab tus oldi. Bir tomondan Kiyev o‘zining harbiy-sanoat salohiyatini namoyish etib, ichki imkoniyatlar evaziga yaratilgan yangi qurollarni sinovdan o‘tkazayotgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan front ortidagi moliyaviy, diplomatik va ichki siyosiy bosimlar tobora ortib bormoqda.
Harbiy frontdagi eng shov-shuvli voqealardan biri – Ukrainaning o‘zida ishlab chiqarilgan “FP-7” taktik ballistik raketasining ilk bor jangovar sharoitda qo‘llanilishi bo‘ldi. Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy o‘zining Telegram-kanalida buni ma’lum qildi:
“Ukrainaning taktik ballistik raketasi – FP-7. Birinchi jangovar qo‘llanish. Natija uchun rahmat. Endilikda asosiy vazifa ushbu raketalarni ommaviy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishdan iborat”, dedi Zelenskiy.
“Fire Point” kompaniyasi tomonidan yaratilgan ushbu raketa quruqlikdagi qurilmadan uchirilib, 200 kilometrgacha bo‘lgan masofadagi nishonlarni urishi va 150 kilogrammgacha jangovar kallak olib yurishi mumkin. Kompaniya hamraisi va bosh konstruktori Denis Shtilerman ushbu qurolni AQSHning mashhur Armiya taktik raketa tizimiga qiyoslab, u Amerikaning analogidan taxminan 2,5 barobar arzon tushishini bildirdi. Kompaniya bosh direktori Irina Terex esa sentyabr oyida raketa sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tganini ma’lum qilgan edi. Bundan tashqari, kompaniya 850 kilometrgacha ucha oladigan “FP-9” raketasini ham sinovdan o‘tkazmoqda.
Biroq harbiy sohadagi bunday siljishlar fonida Kiyevning xalqaro munosabatlarida jiddiy darz ketish holatlari kuzatilmoqda. Xususan, Janubiy Koreya bilan yuzaga kelgan diplomatik janjal bunga yorqin misoldir. Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy 2026 yil 28 sentyabr kuni e’lon qilgan postida Rossiya hududida 8 mingdan ortiq Shimoliy Koreya harbiysi borligini va yana 10 ming kishi yuborilishga tayyorlanayotganini aytdi. Bu bayonot ortidan Kiyev va Seul o‘rtasida parda ortida kechgan pinhona kelishuv oshkor bo‘lib qoldi. Ukraina asir tushgan ikki Shimoliy koreyalik mahbusni Janubiy Koreyaga bergani ma’lum bo‘ldi. Janubiy Koreya Prezidenti Li Chje Myon X (Twitter) tarmog‘ida keskin munosabat bildirdi:
“Shimoliy koreyalik harbiy asirlarni repatriatsiya qilish masalasi bo‘yicha Ukraina tomoni ma’lumotlarni oshkor qilmaslikni so‘radi va biz uni sir saqlashga kelishib olgandik. Biroq Ukraina bir tomonlama tartibda bu ma’lumotni oshkor qildi”.
Siyosatchining ta’kidlashicha, Seul rasmiy kechirim so‘rashni talab qilganda, Kiyev diplomatik etiketni chetga surib, o‘zini xuddi hech qanday kelishuv bo‘lmagandek tutgan va Janubiy Koreya Prezidentini amalda yolg‘onchiga chiqargan. Li Chje Myon Ukraina harakatlarini “Koreya yarimorolida urush boshlanishiga turtki berishga urinish” deb atadi va agar Kiyev oshkora kechirim so‘ramasa, Seul qat’iy chora ko‘rishidan ogohlantirdi. Vaziyatni yumshatish maqsadida Ukraina Tashqi ishlar vaziri Andrey Sibiga munosabat bildirdi:
“Janubiy Koreya biz uchun muhim… Biz ushbu diplomatik tushunmovchilikni hal qilishni chin dildan xohlaymiz”, deya bayonot berishga majbur bo‘ldi u.
Shu bilan birga, Okean ortidan kelayotgan xabarlar ham Kiyev uchun unchalik yaxshi emas. “The Washington Post” nashrining yozishicha, Tramp administratsiyasi Kongress taqiqini chetlab o‘tib, Yevropa va Yaqin Sharq mamlakatlariga, jumladan Ukrainani qo‘llab-quvvatlashga mo‘ljallangan 52 million dollar harbiy yordam mablag‘larini Lotin Amerikasi davlatlariga (Panama, Peru, Ekvador va Kolumbiyaga) narkoterrorizmga qarshi kurash bahosi bilan yo‘naltirib yubordi. 30 sentyabr kuni kechqurun Administratsiya bu haqda Kongressni yashirincha xabardor qilgan, bu esa senator Jinn Sheyxin va Gregori Miks kabi qonunchilar hamda Davlat kotibi Marko Rubio o‘rtasida jiddiy e’tirozlarga sabab bo‘ldi.
Vaziyatning bunday murakkablashuvi fonida, xalqaro maydonda sulh bo‘yicha turli takliflar ilgari surilmoqda. 1 oktyabr kuni Ukraina TIV rahbari Andrey Sibiga Kiyev Moskva bilan o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha Hindiston, Turkiya, Misr va AQSHdan 4 ta taklif olganini aytdi. Hindiston taklifi energetika va Qora dengizda bir vaqtning o‘zida sulh o‘rnatishni nazarda tutsa, Turkiya va Misr dengizdagi don eksporti xavfsizligiga urg‘u bermoqda. AQSH esa energetika ob’ektlariga zarbalarni o‘zaro to‘xtatishni taklif qilgan. Biroq 1 oktyabr kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bu kabi cheklangan takliflarni, xususan NQZlar va kemalarga zarbalarni to‘xtatish g‘oyasini “ma’nosiz” deb atab, masalani faqat kompleks va o‘zaro manfaatlarni inobatga olgan holda ko‘rib chiqish mumkinligini bildirdi.
Ammo 1 oktyabrga o‘tar kechasi Rossiya kuchlari Ukraina shaharlariga dronlar orqali navbatdagi zarbalarni berdi. Kiyev meri Vitaliy Klichkoning ma’lum qilishicha, dronlardan biri Solomenskiy tumanidagi maktab binosiga va 16 qavatli turarjoy binosiga urilgan. Odessada esa biznes-markaz va infratuzilma ob’ektlari shikastlangan.
Muammolar va infratuzilmaning izdan chiqishi Ukraina ichidagi kayfiyatga ham ta’sir o‘tkazmay qolmayapti. Britaniyalik siyosatshunos Aleksandr Merkuris “The Duran” kanalida bergan intervyusida, Kiyevdagi og‘ir sharoit va transport tugunlarining zaiflashuvi sababli Zelenskiy va hukumat poytaxtni tark etib, mamlakat g‘arbiga ko‘chishi real ehtimolga aylanayotganini aytdi. Ukrainaning sobiq prezidenti matbuot kotibi Yuliya Mendel ham poytaxtni tark etayotganlar soni ortganini tasdiqlab, aholi hukumatdan “keng ko‘lamli piar va o‘g‘rilikdan boshqa hech narsa olmayotganini” va inqilobiy kayfiyat shakllanib borayotganini ta’kidladi. Sobiq deputat Kilinkarov kabi ba’zi tahlilchilar esa mojaro yakunlangach, Zelenskiy hatto Isroilga ketishi mumkinligi haqida farazlarni ilgari surmoqda.
Rossiyada yong‘inlar
Rossiyada ham vaziyat u qadar zo‘r emas. Ukrainaning ketma-ket zarbalari texnogen inqirozlarga sabab bo‘lgandi. Endi esa Rossiya ichkaridan yonyapti.
Joriy yilning 1 oktyabr kuni Rossiyaning Moskva viloyatida joylashgan va “Rostex” davlat korporatsiyasiga qarashli Krasnozavodsk kimyo zavodida kuchli portlash sodir bo‘ldi. Mahalliy aholining guvohlik berishicha, korxonada ketma-ket 3 ta kuchli portlash ovozi eshitilib, atrofda uylar silkingan, shundan so‘ng ob’ektda yong‘in boshlangan. Portlash zavodning 4-sexida yuz bergan va ushbu bino to‘liq qulab, vayronalar ostida odamlar qolib ketgan. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, hodisa oqibatida kamida 7 kishi halok bo‘lgan va o‘nlab ishchilarning taqdiri noma’lumligicha qolmoqda. Binodan 40 ga yaqin xodim evakuatsiya qilingan. Favqulodda xizmatlar voqeani texnogen xususiyatga ega deb baholadi. Tezkor xizmatlar hududda havo hujumi haqida xabar berilmaganini ta’kidlamoqda, biroq urush sharoitida harbiy-sanoat majmui ob’ektlaridagi bunday halokatlar Rossiya ichki sanoat xavfsizligidagi jiddiy inqirozlarni ko‘rsatib beryapti.
Xuddi shu kuni, ya’ni 1 oktyabr kechki soat 20:11 larda Sankt-Peterburg shahrining tarixiy markazida – Isaak maydonida joylashgan XVIII asrga oid mashhur Miller saroyida ham ulkan yong‘in yuzaga keldi. Olov tezlik bilan 2 ming kvadrat metr maydonni qamrab olib, binoning tomi qulab tushgan hamda olov qo‘shni binodagi mehmonxonaning 250 kvadrat metr qismiga o‘tgan. Shahar Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi vakili Andrey Litovka yong‘in vaqtida binodagi yog‘och qavatlar, murakkab rejalashtirish va yuqori harorat olovning shiddat bilan tarqalishiga sabab bo‘lganini bildirdi. “Fontanka” nashrining manbalariga ko‘ra, favqulodda xizmatlar qasddan o‘t qo‘yish versiyasini ham ko‘rib chiqmoqda. E’tiborlisi, qiymati 700 million rubldan ortiqqa baholangan va “TAS” kompaniyasi tomonidan elita uy-joyiga moslashtirish rejalashtirilgan ushbu ob’ektda aynan 1 oktyabr kuni restavratsiya oldi tayyorgarlik ishlari boshlangani e’lon qilingan edi. Sanoat va madaniy meros ob’ektlarining ketma-ket alanga olishi Rossiya shahar infratuzilmalarida nazorat va xavfsizlik mexanizmlari izdan chiqqanini anglatadi.
Ammo Rossiyaning harbiy-strategik rejalari ko‘pchilikni xavotirga solishda davom etmoqda. “Dose” markazi, “Danwatch” va “The Sunday Times” tadqiqotchilarining maxfiy hujjatlar va davlat xaridlari materiallariga tayanib e’lon qilgan xabariga ko‘ra, Rossiya tog‘ ichida dunyoni portlatishga tayyor turadigan “aqlli” va avtomatlashtirilgan yadroviy tugmani yashirgan. U “O‘lik qo‘l” deb ataladi.
Sverdlovsk viloyatining shimolidagi Kosvinskiy Kamen tog‘i ichida barpo etilgan bu aqlli qurol qanday ishlaydi? Tasavvur qiling, dushman kutilmaganda Rossiyaga hujum qildi va barcha rahbarlarni (Prezident, generallar, qo‘mondonlarni) yo‘q qildi. Odatda bunday paytda buyruq beradigan odam qolmaydi. Lekin bu tizim maxsus datchiklar orqali mamlakatda nima bo‘layotganini kuzatib turadi. Agar rahbarlar halok bo‘lganini va mamlakatga yadro zarbasi berilganini bilsa, inson aralashuvisiz, avtomatik ravishda dushmanga qarshi barcha yadro raketalarini uchirib yuboradi. Amerikaning mutaxassisi jeffri Lyuisning aytishicha, Rossiya rahbariyati buni yovuzlik qilish uchun emas, balki qo‘rquv va xavotir sababli qilgan. Ular AQSH to‘satdan hujum qilib, rahbariyatni yo‘q qilib tashlashidan qo‘rqadi. Qisqacha aytganda: Bu Rossiyaning “bizni yo‘q qilsangiz ham, avtomatlashtirilgan tizim baribir sizga javob zarbasini beradi” degan oxirgi kafolat qalqonidir. 1970 yillarda “Perimetr”ni yaratishda qatnashgan va 2005–2010 yillarda uni modernizatsiya qilishga rahbarlik qilgan iste’fodagi general-mayor Viktor Xalinning so‘zlariga ko‘ra, Prezident Vladimir Putin 2005 yilning may oyida “O‘lik qo‘l”ning yangi boshqaruv bo‘g‘inini qurish to‘g‘risidagi maxfiy farmonni imzolagan. Tizim 2010 yilda sinovdan o‘tkazilgan, 2020 yilga kelib esa ob’ekt yaqinida harbiy shaharcha qad rostlagan.
Qirg‘iziston ilk sun’iy yo‘ldoshi
2026 yilning 1 oktyabr kuni Markaziy Osiyo mintaqasi va xususan Qirg‘iziston uchun tarixiy, ammo shu bilan birga ko‘plab geosiyosiy savollarni o‘rtaga tashlaydigan muhim voqea yuz berdi. AQSHning Kaliforniya shtatida joylashgan Vandenberg harbiy-havo kuchlari bazasidan Ilon Maskning SpaceX kompaniyasiga tegishli Falcon 9 tashuvchi raketasi orqali Qirg‘izistonning birinchi milliy sun’iy yo‘ldoshi orbitaga uchirildi. Amaliy tashrif bilan Amerika Qo‘shma Shtatlariga borgan Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov ushbu koinotga uchirish marosimida shaxsan ishtirok etdi. Ushbu voqea bir qarashda texnologik va ekologik sakrash kabi ko‘rinsa-da, uning zamirida mintaqadagi siyosiy muvozanat va raqamli nazoratning yangi bosqichi yotganini payqash qiyin emas.
Qirg‘iziston Prezidenti Administratsiyasi va matbuot xizmati bergan rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, koinotga olib chiqilgan ushbu apparat to‘liq Bishkek shahridagi maxsus boshqaruv markazidan nazorat qilinadi. Rasmiylarning ta’kidlashicha, kosmik apparat eng avvalo, qishloq xo‘jaligi ekin maydonlari, eriyotgan muzliklar, suv ob’ektlari, o‘rmonlar va yaylovlarni monitoring qilish uchun mutlaqo yangi imkoniyatlar eshigini ochadi. Shuningdek, u ekotizimlardagi o‘zgarishlarni kuzatish, tabiiy ofatlar xavfini oldindan baholash, yer qa’ridan noqonuniy foydalanish holatlarini, noqonuniy chiqindixonalarni aniqlash hamda logistika yo‘nalishlarini maqbullashtirishga xizmat qilishi aytilmoqda.
“Bu davlat qarorlarini qabul qilish, investitsiyaviy rejalashtirish va davlat dasturlari amalga oshirilishini nazorat qilishda xolis ma’lumotlarni qo‘llash imkonini beradi”, deyiladi Prezident matbuot xizmati tarqatgan xabarda.
Biroq, siyosiy va texnologik tahlilchilar ushbu hodisaga birgina ekologik va iqtisodiy prizma orqali qarash biryoqlama bo‘lishini e’tirof etmoqda. Birinchidan, loyihaning aynan AQSH harbiy-havo kuchlari bazasidan va amerikalik xususiy aerokosmik gigant tomonidan amalga oshirilishi Vashington va Bishkek o‘rtasidagi so‘nggi yillarda sezilarli darajada ilib borayotgan aloqalardan dalolat beradi. An’anaviy ravishda Rossiya va Xitoyning ta’sir doirasida bo‘lgan Markaziy Osiyo davlatlaridan birining o‘z ilk kosmik infratuzilmasini AQSH orqali koinotga olib chiqishi geosiyosiy piching va signallardan xoli emas. Bishkek bu qadami bilan o‘zining ko‘p vektorli tashqi siyosatini namoyish etayotgandek taassurot qoldiradi.
Ikkinchidan, sun’iy yo‘ldosh orqali yig‘iladigan ma’lumotlarning keyinchalik davlat raqamli tizimlariga integratsiya qilinishi mamlakat ichki boshqaruvida nazorat va monitoring imkoniyatlarini misli ko‘rilmagan darajada oshiradi. Ma’lumotlarni fazoviy xaritalar va tahliliy modellar ko‘rinishiga keltirish orqali hukumat nafaqat tabiiy resurslarni, balki noqonuniy konchilik yoki yer bo‘linmalarini aniq ko‘rib turadi. Tabiiyki, bunday darajadagi shaffoflik ayrim mahalliy oligarxik guruhlar va noqonuniy biznes tuzilmalari uchun unchalik xush yoqmaydigan haqiqatdir.
Xalqaro kosmik va tahliliy nashrlarning yozishicha, Markaziy Osiyo mamlakatlarining kosmik poygaga qo‘shilishi mintaqada suveren ma’lumotlar bazasini yaratish istagi bilan bog‘liq. Hozirgacha hududdagi ko‘plab davlatlar geodeziya va gidrologiya ma’lumotlarini xorijiy sun’iy yo‘ldosh operatorlaridan sotib olishga majbur bo‘lib kelayotgan edi. Qirg‘izistonning ushbu qadami ularni o‘z hududidagi jarayonlarni xolis va mustaqil baholash imkoniyati bilan ta’minlaydi.
Live
Barchasi