Bayden AQSH Iroqda harbiy missiyani yakunlashini e’lon qildi. Harbiylar mamlakatdan ketadimi?

Olam

image

AQSH Iroqdagi harbiy missiyasini 2021 yil oxirigacha tugatadi. Bu haqida mamlakat Prezidenti Jo Bayden va Iroq Bosh vaziri Mustafo al-Kozimiy Vashingtondagi uchrashuv yakunida ma’lum qildi.

Baydenning ta’kidlashicha, keyingi yildan boshlab amerikalik harbiy xizmatchilar faqat Iroq harbiylarini o‘qitish va ularga konsultatsiya berish bilan shug‘ullanib, jangovar harakatlarda ishtirok etmaydi.

Shuningdek Amerika Prezidenti, Iroqda demokratiyaning mustahkamlanishini qo‘llab-quvvatlashini aytib, xavfsizlik va terrorchilikka qarshi kurash sohasidagi hamkorlik tarafdori ekanini ta’kidladi. Shuningdek, muzokara davomida Jo Bayden Iroqdagi parlament saylovlarini oktyabr oyida bo‘lib o‘tishini xohlayotganini aytdi. 

“Iroq ISHIDga qarshi kurashda ortiq amerikalik harbiylarga ehtiyoj sezmaydi. Mamlakat xavfsizlik kuchlari va armiyasi davlatni koalitsiya qo‘shinlarisiz ham himoya qilishga qodir”, deydi Iroq Bosh vaziri Mustafo al-Kozimiy Bayden bilan uchrashuv boshlanishidan avval "Assosiated Press" nashriga bergan intervyusida.

Ommaviy axborot vositalarida keltirilishicha, harbiy missiyaning yakunlanishi haqidagi qaror ko‘p jihatdan rasmiy xususiyatga ega. Aslida amerikalik harbiylar anchadan buyon iroqlik fuqarolarni o‘qitish bilan shug‘ullanadi va jangovar operatsiyalarda kamdan-kam qatnashadi.
Ma’lumot o‘rnida, AQSHning Iroqdagi harbiy missiyasi 2003 yilda boshlangan. 2011 yilda harbiylar mamlakatdan olib chiqilgan, ammo 2014 yilda qo‘shni Suriyadagi fuqarolar urushi va ISHID kuchaygan sharoitda kontingent yana Iroqqa qaytgan. Joriy yilning mart oyi o‘rtalarida mamlakat Prezidenti Barham Solihning aniqlik kiritishicha, mamlakatda Amerika qo‘shinlarining soni 2 500 kishidan oshmaydi.   

Shuningdek, 2020 yil 5 yanvarda Arab Respublikasi parlamenti barcha xorijiy kuchlar Iroqni tark etishini talab qiluvchi rezolyutsiya qabul qildi. Aprel oyida Iroq Bosh vaziri Mustafo al-Kazimiy milliy armiya va xavfsizlik kuchlarining jangovar tayyorgarligi hamda terrorchilarga qarshi kurashdagi yutuqlari 60 foiz xorijiy harbiy kontingentning mamlakatni tark etishiga imkon berishini ma’lum qilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq, Jo Bayden joriy yil 11 sentyabrga qadar AQSH Afg‘onistondan barcha qo‘shinlarini olib chiqishini aytgan edi.  1 maydan esa u o‘z qo‘shinlarini olib chiqishni boshladi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, AQSH Afg‘onistondagi harbiy kontingentining 90 foizdan ko‘prog‘ini olib chiqqan.  

Ayni paytda esa Afg‘onistonda hukumat va “Tolibon” o‘rtasidagi ziddiyat kuchaygan.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Iroq

Baholaganlar

33

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing