Bayden 37 mahkumning o‘lim jazosini bekor qildi
Olam
−
23 dekabr
2224Bugun, 23 dekabr kuni Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti Jo Bayden 37 nafar shaxsning federal o‘lim jazosi hukmlarini boshqa jazoga almashtirganini e’lon qildi. Bu haqda Oq uy matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, ushbu shaxslarning jazolari o‘limdan umrbod qamoq jazosiga o‘zgartirilgan.
Bayden bu qotilliklarni qoralashi, ularning qo‘pol harakati qurbonlari uchun qayg‘urishi, shuningdek, tuzatib bo‘lmaydigan yo‘qotishlarga uchragan barcha oilalarga hamdard ekanini bildirgan.
“Men federal darajada o‘lim jazosini qo‘llashni to‘xtatishimiz kerakligiga har qachongidan ham ko‘proq ishonaman”, deya qo‘shimcha qilgan AQSH Prezidenti.
Bayden terrorizm va ommaviy qotillikda ayblangan atigi uch kishining o‘lim jazosini o‘z holicha qoldirgan. Ular orasida 2013 yilda Boston marafonida uch kishi o‘limiga sabab bo‘lgan portlashni amalga oshirgan chechenistonlik Johar Sarnayev ham bor. Sarnayevning 2015 yil may oyida chiqarilgan o‘lim hukmi 2020 yilda Bostondagi apellyatsiya sudi tomonidan bekor qilingan, biroq ikki yildan so‘ng AQSH Oliy sudi apellyatsiya tartibidagi qarorni qayta tiklagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Jo Bayden mamlakat zamonaviy tarixidagi eng katta kechirishni amalga oshirgandi. Trampning inauguratsiyasidan oldin u taxminan 1500 amerikalikning jazosini yengillashtirib, 39 mahkumni qamoqdan ozod qildi. Ta’kidlanishicha, bu kechirish akti zamonaviy AQSH tarixidagi eng yirik kechirish hisoblanadi.
LiveBarchasi