“Barselona” va PSJ yarim final masalasini hal qildi

Sport

image

16 aprelga o‘tar kechasi Yevropa Chempionlar ligasi chorak final javob o‘yinlari bo‘lib o‘tdi. Unda “Aston Villa” o‘z uyida PSJni 3:2 hisobida, “Borussiya” esa “Barselona”ni 3:1 hisobida mag‘lub etdi.

Dortmundda yengilgan “Barselona” yarim finalga chiqdi

“Signal Iduna Park” stadionida bo‘lib o‘tgan bahsning 10-daqiqasidayoq mezbonlar penalti tepish huquqiga ega bo‘ldi va 11 metrlik jarima zarbasidan hujumchi Girassi unumli foydalandi hamda hisobni ochdi. Ikkinchi taym boshida, ya’ni 49-daqiqada va 76-daqiqada Girassi yana ikkita gol urdi va o‘z nomiga xet-trikni yozdirib qo‘ydi. 54-daqiqada dortmundliklar himoyachisi Bensebaini o‘z darvozasini ishg‘ol qilib qo‘ydi. Yakuniy hisob 3:1 “Borussiya” g‘alaba qozondi, ammo ikki o‘yin natijasiga ko‘ra, 5:3 hisobi qayd etilib, “Barselona” yarim final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Kataloniyaliklarning ushbu bosqichdagi raqibi “Inter - “Bavariya” o‘rtasidagi bahs g‘olibi bo‘ladi. Qayd etish kerak, “Barselona” 2025 yildagi ilk mag‘lubiyatini aynan “Borussiya Dortmund”dan qabul qilib oldi.

“Aston Villa” kambekka yaqin edi, ammo PSJ uddaladi

Birmingemda o‘tgan bahsda dastlab 11-daqiqada parijliklar himoyachisi Ashraf Hakimi hisobni ochdi. 27-daqiqada Nuno Mendesh oradagi farqni ikkitaga oshirdi. 34-daqiqada Yuri Tilemans hisobni qisqartirdi. 55-daqiqada Makgin super gol yo‘llab, hisobni tenglashtirdi. 57-daqiqada Ezeri Konsa “Aston Villa”ni hisobda oldinga olib chiqdi. O‘yin yakuniga qadar mezbonlarda bir nechta qulay vaziyatlar bo‘ldi, masalan, Marko Asensioning birga bir vaziyatdan yo‘llagan zarbasini Donnarumma qaytardi. Bahs yakuniga qadar hisob o‘zgarmadi va shu tariqa parijliklar ikki o‘yin natijasiga ko‘ra, 5-4 hisobini qayd etgan holda yarim finalga yo‘l oldi. Endilikda ushbu bosqichda Enrike qo‘l ostidagi klub “Real Madrid” - “Arsenal” o‘rtasidagi g‘olib bilan bahs olib boradi.

Ma’lumot o‘rnida, 17-aprelga o‘tar kechasi Yevropa Chempionlar ligasi chorak final javob o‘yinining ikki uchrashuvi o‘tkaziladi. Unda “Real” o‘z uyida “Arsenal”ni, “Inter” “Bavariya”ni qabul qiladi.


Maqola muallifi

Teglar

Barselona PSJ Evropa Chempionlar ligasi Borussiya Aston Villa chorak final javob o'yinlari

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing