Barcha metan “zapravka”larning faoliyatiga cheklovlar kiritilmoqda  

Jamiyat

image

O‘zbekiston hududlarida avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari (AGTKSH) faoliyatiga qisqa muddatli cheklovlar kiritilmoqda. Bu haqda Energetika vazirligi ma’lum qildi.

Bildirilishicha, havo haroratining pasayishi oqibatida magistral gaz quvurlarida bosimning kamayishi holatlari kuzatilyapti. 

“Shuni inobatga olgan holda, birinchi navbatda, aholi xonadonlari va ijtimoiy soha ob’ektlarini tabiiy gaz bilan ta’minlash maqsadida respublikadagi barcha avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari faoliyatiga qisqa muddatli cheklovlar kiritilmoqda”, deyiladi xabarda.

Energetika vazirligi AGTKSHlar faoliyatiga kiritilgan cheklovlarni hisobga olgan holda respublikadagi barcha benzin “zapravka”larga avtobenzin mahsulotlarini qo‘shimcha miqdorlarda yetkazib berilishi ta’minlanishini qo‘shimcha qilgan. 

“Iste’molchilardan yetkazilgan noqulayliklar uchun uzr so‘ragan holda, vaziyat barqarorlashgunga qadar imkon qadar tejamkorlikka rioya qilishlarini so‘raymiz. AGTKSHlar faoliyatida o‘zgarishlar kuzatilsa, qo‘shimcha ma’lumotlar beriladi”, deyiladi vazirlik bayonotida.

Eslatib o‘tamiz, bugun, 18 fevral soat 06:00 dan Buxoro viloyatidagi AGTKSHlar faoliyati vaqtincha to‘xtatilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston AGTKSh zapravka

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing