Banklar firibgarlarga aldangan fuqarolardan kreditni to‘lashni talab qilmoqda – Ombudsman
3-sahifa
−
28 yanvar
108412024 yilda Ombudsmanga fuqarolardan iqtisodiy huquqqa oid 6 mingdan ortiq murojaatlar kelib tushgan bo‘lsa, ularning 9 foizi firibgarlik holatlari bilan bog‘liq ishlar tashkil etadi. Fuqarolarning shaxsiy ma’lumotlari asosida turli tijorat banklaridan kredit ajratish holatlari sezilarli darajada ko‘paygan. 2023 yilda shunday murojaatlar soni 110 tani tashkil qilgan bo‘lsa, 2024 yilda bu raqam 42 foizga oshgan. Bu haqda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) axborot xizmati xabar berdi.
Bildirilishicha, murojaatlarning 60 foizida o‘zini Markaziy bank xodimi sifatida tanishtirgan shaxslar fuqarolarning shaxsiy ma’lumotlaridan foydalangan holda, onlayn kreditlar rasmiylashtirgan. Ayrim holatlarda esa bir shaxs nomiga 5-6 ta tijorat banklaridan kreditlar rasmiylashtirilgan.
"Ushbu murojaatlar yuzasidan Ichki ishlar organlari tergovchilari tomonidan tijorat banklariga ushbu fuqarolar kredit mablag‘laridan o‘zlari foydalanmaganligi hamda fuqaroviy da’vogar deb topilganligi, shuningdek, aybdor shaxslar topilguniga qadar kredit qarzdorligi hamda unga foizlar hisoblashni to‘xtatib turish yuzasidan topshiriqlar yuborilgan. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat protsessual kodeksining 36-moddasida tergovchining o‘z yurituvidagi ish bo‘yicha qonunga muvofiq bergan yozma topshiriqlari va qarorlari barcha korxonalar, tashkilotlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar uchun majburiy ekani belgilangan. Lekin, shunga qaramay banklar tomonidan firibgarlik natijasida aldangan fuqarolardan kreditni to‘lash talab qilib kelinmoqda", deyiladi xabarda.
Qayd etish joiz, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki kredit tashkilotlari tomonidan jismoniy shaxslarga onlayn kredit ajratish jarayonida bank kartalari bilan bog‘liq shubhali frod operatsiyalarining oldini olishga qaratilgan vaqtinchalik tartib joriy qildi. Mazkur tartib 2024 yil 1 noyabridan 2025 yil 1 apreliga qadar amal qilishi belgilandi.
Markaziy bank tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, 2024 yilda firibgarlik yo‘li bilan fuqarolar nomiga onlayn kredit ajratish orqali 463 ta holatda qariyb 15 mlrd so‘m miqdorda moddiy zarar yetkazilgan
Axborot xavfsizligini ta’minlash va firibgarlik holatlaridan saqlanish uchun quyidagilarga rioya qilish tavsiya etiladi:
- Pasport ma’lumotlari, bank kartalari raqami va PIN-kod kabi shaxsiy ma’lumotlarni hech kimga oshkor qilmang.
- Shaxsiy ma’lumotlaringizni ijtimoiy tarmoqlarda yoki noma’lum shaxslarga yuborishdan saqlaning.
- Telefonga kelgan tasdiqlov kodlari, parollar yoki bank ilovalariga kirish ma’lumotlarini hech kimga aytmang.
- Ijtimoiy tarmoqlar yoki elektron pochta orqali kelgan notanish fayllar, hujjatlar yoki havolalarni yuklab olmang. Ular virus yoki zararli dastur bo‘lishi mumkin.
- Notanish raqamlar, xususan chet el raqamlaridan kelgan qo‘ng‘iroqlar va videoqo‘ng‘iroqlarga javob bermang.
- Agar kimdir o‘zini bank xodimi yoki boshqa tashkilot vakili sifatida tanishtirsa, ularning shaxsini tasdiqlash uchun rasmiy kanallar orqali ma’lumot oling.
LiveBarchasi
Trenddagilar

